Chakana savdodagi aksiya va chegirmalar uchun yangi huquqiy tartib joriy qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 21 oktyabrdagi 662-sonli qaroriga ko‘ra chakana savdoda aksiya va chegirmalarni huquqiy jihatdan tartibga solish va davlat nazoratini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari”ga chakana savdo qilishda tovarlarga rag‘batlantiruvchi aksiya va chegirmalar qo‘llash tartibi hamda ularni qo‘llash bo‘yicha talablarni buzganlik uchun javobgarlik choralari qo‘llanilishi bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur qarorga ko‘ra, mazkur savdo qoidalari “rag‘batlantiruvchi aksiya”, “narxnoma”, “chegirma narx” va “chegirma narxgacha” kabi tushunchalari bilan to‘ldirildi.
Shuningdek, sotuvchi isteʼmolchilarning qiziqishini oshirish, sotuvni ko‘paytirish yoki boshqa maqsadlarda o‘zi realizatsiya qilayotgan tovarlarga nisbatan rag‘batlantiruvchi aksiya yoki chegirmalar qo‘llashi mumkin, ammo alkogol, pivo, vino, tamaki mahsulotlari va nikotin moslamalari bundan mustasno.
Chegirma eʼlon qilinganda quyidagi talablar belgilandi:
Avvalgi narx — oxirgi 30 kun ichidagi eng past narx bo‘lishi shart. (qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bundan mustasno);
Aksiyadagi narx odatdagi narxdan katta shriftda yozilishi mumkin emasligi (agar narxnoma mavjud bo‘lsa);
Narx sunʼiy ravishda ko‘tarilib, keyin tushirilib chegirma sifatida ko‘rsatish orqali isteʼmolchilarni chalg‘itishi taqiqlandi;
Aksiya/chegirma haqidagi axborotlarni soliq organlariga 10 kun oldin taqdim etilishi;
Sotuvchi chegirma eʼlon qilish oldidan tovar va narxlar hisobini yuritishi, oxirgi 30 kunda amalda bo‘lgan narxlarini qayd etishi va isteʼmolchiga mazkur maʼlumotni taqdim etishi;
Sotuvchi aksiya o‘tkazish shartlari, aksiyaning amal qilish muddati, sotib olish shartlari, aksiyaga qo‘yiladigan tovarlar nomi (turkumi), narxi, imtiyozlar va boshqa muhim maʼlumotlarni isteʼmolchilarga aniq va tushunarli qilib yetkazishi;
Aksiyaga qo‘yilgan tovarlar zaxirasini uning amal qilish muddati davomida yetarli miqdorda bo‘lishini taʼminlashi;
Agar chegirma uchun shaxsiy maʼlumot talab etilsa, sotuvchi qonunchilikka rioya qilishi va isteʼmolchini maʼlumotlarni qayta ishlash maqsad va shartlari haqida xabardor qilishi;
Rag‘batlantiruvchi aksiya va chegirmalar qo‘llash bo‘yicha talablarni buzganlik uchun javobgarlik choralari qo‘llaniladi.