Valyuta kurslari 29/01/2026
$1 – 12168.98
UZS – 0,34%
€1 – 14588.17
UZS – 1,17%
₽1 – 159.89
UZS – 0,86%
Qidirish
Centrum Holding AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi delegatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Centrum Holding AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi delegatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Centrum Holding AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi delegatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 28-yanvar kuni Centrum Holding idorasida xolding rahbariyati va Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Jonatan Xenik boshchiligidagi AQSH elchixonasi delegatsiyasi o‘rtasida amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Centrum Holding tomonidan kompaniya asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abduraxmanov hamda hammuassis va aksiyador Hafizjon Gafurov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Tomonlar Amerika kompaniyalari va xolding korxonalari o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi, logistika, turizm, aviatsiya kadrlarini tayyorlash, shuningdek, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlik sohalarida aloqalarni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Uchrashuv davomida Centrum Holding yo‘lovchi aviakompaniyasi Centrum Air, yuk tashuvchi My Freighter, logistika va turizm yo‘nalishlari, shuningdek ishlab chiqarish korxonalarini o‘z ichiga olgan biznes tuzilmasini taqdim etdi. Bugungi kunda xoldingning umumiy havo kemalari parki 25 ta samolyotni tashkil etmoqda va flotni faol kengaytirish bo‘yicha rejalar mavjud.

Aviatsiya texnikasi va butlovchi qismlar yetkazib beruvchi Amerika kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Boeing va boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan sheriklik aloqalariga alohida e’tibor qaratildi. Holding Amerika aviatsiya texnikasini sotib olishni davom ettirish va flotni kengaytirish niyatini tasdiqladi. Xususan, 2026-yilda My Freighter yuk tashuvchi bo‘linmasini beshta Boeing havo kemasi bilan to‘ldirish rejalashtirilgan.

Yo‘lovchi tashish yo‘nalishida tomonlar AQSH bozoriga chiqish rejalarini muhokama qildilar. Bunda asosiy e’tibor o‘zbek diasporasi hamda mamlakatlar o‘rtasida ortib borayotgan turistik va ishbilarmonlik oqimi uchun qulay aviaaloqani ta’minlashga qaratilgan. Samarqand – Nyu-York va Toshkent – Mayami yo‘nalishlari istiqbolli marshrutlar sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Parvozlarni Yevropada, jumladan Litvada tranzit texnik to‘xtashni amalga oshirgan holda bajarish rejalashtirilmoqda.

Yuk tashish segmentida My Freighter xalqaro aviakompaniyalar, jumladan, American Airlines, Delta Air Lines va boshqa hamkorlar bilan tuzilgan interlayn kelishuvlar doirasida allaqachon AQShga yuk tashuvlarini amalga oshirmoqda. Eksport yetkazib berishlarning salmoqli qismini AQSh bozorida talab yuqori bo‘lgan o‘zbek meva-sabzavotlari, shuningdek, yangi meva-sabzavot mahsulotlari tashkil etadi.

Bundan tashqari, tomonlar AQShning Florida shtatida joylashgan Embry-Riddle Aeronautical University bilan hamkorlikda O‘zbekistonda aviatsiya universitetini tashkil etish tashabbusini muhokama qildilar. Loyiha xalqaro standartlar asosida uchuvchilar, muhandislik va texnik mutaxassislarni tayyorlash hamda mintaqa aviatsiya sohasi uchun professional kadrlarni rivojlantirishga qaratilgan.

Alohida blokda xoldingning investitsiya rejalari, jumladan, ommaviy kapital bozorlariga chiqishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va AQSh biznesi o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga o‘zaro qiziqish borligini tasdiqladilar.

«Amerika kompaniyalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish borasida nafaqat aviatsiya va logistika sohalari, balki ta’lim va investitsiyalar yo‘nalishida ham katta salohiyatni ko‘rmoqdamiz. Biz uchun uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or texnologiyalar va ekspertizani jalb etish, shuningdek, yo‘lovchilar, biznes va umuman O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratish muhim», – deya ta’kidladi Centrum Holding asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmanov.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling