Centrum Air yangi Airbus A320 samolyotini qabul qildi — aviaparkdagi o‘n uchinchi havo kemasi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Centrum Air aviakompaniyasi o‘z aviaparkini kengaytirishni davom ettirmoqda va UK32076 ro‘yxat raqamiga ega yangi Airbus A320 samolyotini qabul qilganini maʼlum qildi. Bu kompaniya flotidagi o‘n uchinchi havo kemasi va ushbu turdagi beshinchi samolyot hisoblanadi.
Yangi avialayner Xitoyning Tyanszin shahridan Toshkent xalqaro aeroportiga (Islom Karimov nomidagi) mahalliy vaqt bilan soat 03:30 da yetib keldi.
Samolyot 180 ta ergonomik o‘rindiq bilan jihozlangan bo‘lib, yo‘lovchilarga parvoz vaqtida yuqori darajada qulaylik yaratadi.
Airbus A320 — zamonaviy o‘rta masofali avialayner bo‘lib, uning parvoz masofasi 6 800 kilometrgacha yetadi. Yangi havo kemasi kompaniyaning MDH davlatlari va Yaqin Sharq mamlakatlariga yo‘naltirilgan reyslarida foydalaniladi.
«Yangi Airbus A320 samolyotini qabul qilish — bu kompaniyaning barqaror o‘sishi va yo‘lovchilarga yuqori darajadagi servis hamda qulaylikni taqdim etishga bo‘lgan intilishining yana bir isbotidir. Flotni kengaytirish biz uchun yo‘nalishlar tarmog‘ini rivojlantirish va ommabop reyslarda parvozlar sonini oshirish imkoniyatini yaratadi», — dedi Centrum Holding asoschisi va boshqaruv raisi Abdulaziz Abduraxmonov.
Yaqin vaqt ichida yangi Airbus A320 aviakompaniyaning muntazam yo‘nalishlarida parvozlarni boshlaydi.