Buxoroda Oʻzbekiston-Suriya biznes forumi va B2B uchrashuvlari boʻlib oʻtdi
Buxoroda Oʻzbekiston-Suriya biznes forumi va B2B uchrashuvlari boʻlib oʻtdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 13 fevral kuni Buxoro shahrida O‘zbekiston–Suriya biznes-forumi va B2B uchrashuvlari tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan mamlakatimizga tashrif buyurgan Suriya Arab Respublikasi delegatsiyasi doirasida o‘tkazildi.
Forum ikki davlatdan 200 nafardan ortiq tadbirkor va ishbilarmon doiralar vakillarini bir maydonda jamladi. Unda tegishli vazirlik va idoralar, savdo-sanoat palatalari hamda tarmoq birlashmalari vakillari faol ishtirok etdi.
Tadbir davomida tomonlar hududlararo hamkorlik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdilar. Mintaqaviy darajadagi sheriklik biznes tashabbuslarini tezkor qo‘llab-quvvatlash va investitsiya loyihalarini joylarda samarali amalga oshirishga asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, muntazam biznes muloqotini yo‘lga qo‘yish, B2B aloqalarni kengaytirish, biznes-missiyalar almashuvi va kooperatsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Forum doirasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlar natijasida kompaniyalar o‘zaro hamkorlikning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Yakunda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan kelishuv va shartnomalar imzolandi. Xususan, Savdo-sanoat palatasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi hamda Tartus Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.