Buxoro viloyatida qalbaki dori vositalari savdosi to'xtatildi
Buxoro viloyatida qalbaki dori vositalari savdosi to'xtatildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Aholi salomatligi xavfsizligini taʼminlash yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Buxoro viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qalbaki dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Xususan, G‘ijduvon tumanida yashovchi, 1994 y.t. fuqaro o‘z oila aʼzolari bilan birgalikda, uy sharoitida qo‘lbola usulda dori vositalarini tayyorlab kelayotganligi maʼlum bo‘ldi.
So‘ngra, qonunbuzarlar tomonidan dori vositalarini saqlash uchun 1 ta manzil va realizatsiya qilish uchun 2 ta dorixonadan foydalanilayotganligi aniqlanib, ular tegishli tartibda ko‘zdan kechirildi.
Natijada, ushbu manzillardan jami 193 turdagi 47821 dona, umumiy taxminiy qiymati 500 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan, kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan va qo‘lbola usulda tayyorlangan dori vositalari, shuningdek, 6989 dona dori vositalarining bo‘sh qutilari, yorliqlar, 3 dona dorilarni qadoqlash uskunasi va 2 qop yo‘riqnomalar saqlanib kelinayotganligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Mazkur dori vositalari “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DMga rasmiy xulosa olish uchun yuborildi.
Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilmoqda.