Buxoro viloyatida elektr tokidan foydalanib noqonuniy baliq ovlash holati fosh etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tezkor guruhi G‘ijduvon tumanidagi Shorko‘l suv omborida ekologik nazorat bo‘yicha reyd o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tekshiruv davomida ikki nafar tuman fuqarosi elektr tokidan foydalangan holda noqonuniy baliq ovlagani aniqlandi. Ularning qonunga xilof harakatlari natijasida 17 ta sazan va Qizil kitobga kiritilgan kamyob tur — bir dona turkiston usachi qo‘lga olingan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 107 million 532 ming so‘mni tashkil etgan.
Daliliy ashyo sifatida 18 ta baliq va bir dona rezina qayiq musodara qilindi. Mazkur holat bo‘yicha materiallar tegishli organlarga topshirilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun: avvalroq shunga o‘xshash noqonuniy baliq ovlash holati Sirdaryo daryosida ham aniqlangan edi. O‘shanda hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 679 million 400 ming so‘mni tashkil etgan.
Ekologik qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha reyd tadbirlari izchil davom etmoqda.