Buxoro viloyati xalqaro IT hamkorligini mustahkamlamoqda
Buxoro viloyati xalqaro IT hamkorligini mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya AQSHning Texas shtati Dallas shahrida Amerika AT sanoatida faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalar ishtirokidagi biznes forumga mezbonlik qildi. Forum innovatsion startaplar, strategik hamkorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot va muzokaralar maydonini yaratdi.
Forumning ilg‘or texnologiyalar markaziga aylangan Dallas shahri biznes muhitida o‘tgani tadbirning ahamiyatini yanada oshirdi.
AQSH AT bozorining nufuzli vakillari bilan kechgan muloqotda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va axborot texnologiyalarini viloyatning barcha sohalariga olib kirish borasidagi imkoniyatlar batafsil muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida nafaqat AT xizmatlar eksportini kengaytirish, sun’iy intelekt texnologiyalarini ijtimoiy sohalarga joriy etish, sanoat va qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni joriy qilish, transport logistikasini optimallashtirish kabi qator tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Forumning eng muhim voqealaridan biri Veritis Group kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar bo‘ldi. Texasdagi ilg‘or raqamli konsalting markazlaridan biri bo‘lgan ushbu kompaniya raqamli transformatsiya, bulutli xizmatlar, sun’iy intelekt, kiberxavfsizlik, AT autsorsing xizmatlar yo‘nalishlarida AQSHda o‘z nufuziga ega.
Uchrashuvda Veritis Group Buxoroda BPO – masofaviy xizmatlar markazlarini ochish, raqamli boshqaruv va sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha imkoniyatlarini taqdim etdi.
Shuningdek, forumda Dallas va Orlando shaharlarida zamonaviy mobility va delivery xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan Berymo kompaniyasi bilan ham amaliy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya rahbarlari Buxoroda taksi agregatorlari, intellektual transport yechimlari, shuningdek, yetkazib berishning zamonaviy shakllarini joriy qilish borasida aniq takliflar berdi.
Umuman, Dallasdagi forumda 20 dan ortiq kompaniyalar bilan amaliy hamkorlik masalalari yuzasidan batafsil fikrlashildi. Ular orasida dasturiy ta’minot ishlab chiqish, Big Data, IoT, ma’lumotlar tahlili, sanoat, agrar texnologiyalar, ta’lim, kiberxavfsizlik va raqamli boshqaruv bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar ham bor. Ularning barchasi Buxoro viloyatining AT salohiyati, yoshlar bazasi va raqamlashtirish istiqbollariga qiziqish bildirdi.
Tadbir amerikalik tadbirkorlar uchun viloyatimiz miqyosidagi raqamli transformatsiya dasturlari, IT Park faoliyati, yoshlar ta’limi va startap ekotizimi haqida batafsil tanishish imkoniyatini berdi. Uchrashuv davomida AQSH kompaniyalari Buxoroga BPO - masofaviy xizmatlar ko‘rsatish (autsorsing) markazlarini, o‘quv laboratoriyalari va innovasion maydonlar tashkil qilishga tayyorligini bildirdi.