Valyuta kurslari 21/11/2025
$1 – 11914.67
UZS – 0,03%
€1 – 13735.23
UZS – -0,36%
₽1 – 148.27
UZS – 0,53%
Qidirish
Butunjahon oziq-ovqat kuni: Sog‘lom taom — sog‘lom kelajak

Butunjahon oziq-ovqat kuni: Sog‘lom taom — sog‘lom kelajak

Butunjahon oziq-ovqat kuni: Sog‘lom taom — sog‘lom kelajak

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ma’lumki, 1979 yilda FAO Konferensiyasi qaroriga muvofiq Butunjahon oziq-ovqat kuni (World Food Day) jahon hamjamiyati tomonidan har yili keng nishonlanib keladi. Ushbu kun oziq-ovqat xavfsizligi, ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik muammolariga e’tiborni qaratish, sog‘lom ovqatlanishni rag‘batlantirish, hamda barqaror oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha xabardorlikni oshirishni maqsad qiladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (MMTV) bilan hamkorlikda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 13-maktabda “Butunjahon oziq-ovqat kuni: Sog‘lom taom — sog‘lom kelajak” mavzusida yirik ma’rifiy tadbir tashkil etdi. Tadbir FAOning “Maktab ovqatlantirish dasturini sinovdan o‘tkazish orqali oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni yaxshilashni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Tadbirning ochilish qismida mutaxassislar sog‘lom ovqatlanishning bolalar rivojiga, o‘quv natijalariga va kelajak avlod salomatligiga bevosita ta’sirini alohida ta’kidladilar. Ular yoshlarda sog‘lom va ekologik barqaror ovqatlanish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berib o‘tdilar. Tadbir ishtirokchilariga FAO tomonidan tayyorlangan videoroliklar namoyish etildi.

Tadbirning asosiy qismi doirasida o‘quvchilar o‘rtasida “Sog‘lom va ekologik barqaror ovqatlanish bo‘yicha eng yaxshi retsept” tanlovi o‘tkazildi. Unda turli sinflardan tuzilgan jamoalar o‘zlarining arzon, foydali va ekologik toza retseptlarini taqdim etdilar. Har bir jamoa taomning nomi, shiori va ramziy belgilar bilan ijodiy chiqish qilib, taomning foydali jihatlari, tayyorlanish usuli va atrof-muhitga ta’sirini asoslab berdi.

Shuningdek, o‘quvchilar “To‘g‘ri ovqatlanib — sayyoramizni asra” mavzusidagi interaktiv viktorinada qatnashdilar. Savollar maktablarga taqdim etilgan “Sog‘lom ovqatlanishning 12 tamoyili”, “Xavfsiz ovqatlanishning 5 kaliti” va “Ekologik do‘stona odobning 5 qoidası” qo‘llanmalari asosida tuzilib, o‘quvchilarning bilimini mustahkamlashga xizmat qildi.

Tadbir yakunida tanlov g‘oliblari e’lon qilinib, ularga FAO tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Shundan so‘ng bolalar uchun ko‘ngilochar dastur, raqslar va sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha mini-viktorina o‘tkazildi.

FAOning loyiha koordinatori Orifjon Namozov shunday deydi:
“Bolalarda to‘g‘ri ovqatlanish odatlarini erta yoshdan shakllantirish — sog‘lom va barqaror kelajakning eng muhim poydevoridir. Maktablarda o‘tkazilayotgan bunday tashabbuslar nafaqat sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladi, balki bolalarda ekologik mas’uliyat va oziq-ovqatga ongli munosabatni ham kuchaytiradi.”

Butunjahon oziq-ovqat kuni doirasida tashkil etilgan ushbu mahalliy tashabbus global maqsadlar bilan hamohang bo‘lib, O‘zbekistonda sog‘lom avlod tarbiyasi va barqaror oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling