Butunjahon oziq-ovqat forumi yoshlar boʻlimi Oʻzbekistonda ish boshladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Italiya poytaxti Rim shahridagi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohida boʻlib oʻtayotgan Butunjahon oziq-ovqat forumi (World Food Forum — WFF) doirasida Oʻzbekistonning yoshlar boʻlimi “WFF Uzbekistan National Youth Chapter” tashkil etilgani rasman eʼlon qilindi. Shu munosabat bilan ishtirokchilarga yangi boʻlim faoliyatining boshlanishini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.
WFF Uzbekistan National Youth Chapter — bu oziq-ovqat xavfsizligi, barqaror qishloq xoʻjaligi va iqlim tashabbuslari sohasida yoshlar yetakchiligini rivojlantirishga qaratilgan yangi platformadir. Bu nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida tashkil etilgan birinchi WFF Yoshlar boʻlimi hisoblanadi.
Tashabbus Shovkat Xoldorov va mamlakat qishloq xoʻjaligi sohasida faol ishlayotgan yosh yetakchilar guruhi tomonidan ilgari surilgan boʻlib, u FAO Oʻzbekiston bilan hamkorlikda va Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda bir qator boshqa manfaatdor tashkilotlar koʻmagida amalga oshirildi.
Boʻlimning asosiy maqsadi — yoshlarning ovozini kuchaytirish, ularni barqaror oziq-ovqat tizimlarini shakllantirish jarayoniga jalb etish, shuningdek, innovatsion, ekologik va ijtimoiy yechimlar orqali qishloq xoʻjaligini yangi avlod uchun jozibador sohaga aylantirishdir.
“Kelajak qishloq xoʻjaligi yoshlar bilan birga quriladi. World Food Forum platformasi yosh mutaxassislarimizga gʻoyalarni amaliyotga tatbiq etish imkonini beradi — yangi texnologiyalar va barqaror dehqonchilikdan tortib, hududlarda hayotni yaxshilovchi loyihalargacha. WFF Oʻzbekiston Yoshlar boʻlimini qoʻllab-quvvatlash — bu yangi avlod salohiyati va yetakchiligiga sarmoya kiritishdir,” — dedi Sherzod Umarov, FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari.
Yoshlar faoliyati doirasida iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, yer degradatsiyasining oldini olish va unumdorlikni oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash hamda yoshlarning xalqaro darajadagi agrar tizimlarda ishtirokini kengaytirish yoʻnalishlarida tashabbuslar ilgari suriladi.
Shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va Oʻzbekistonning Butunjahon oziq-ovqat forumi global muloqotlaridagi ishtirokini kuchaytirish ham ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻladi.