Valyuta kurslari 09/01/2026
$1 – 12109.02
UZS – 0,63%
€1 – 14139.70
UZS – 0,56%
₽1 – 150.31
UZS – 0,68%
Qidirish
Britaniya Kengashi Oʻzbekistonda ingliz tili taʼlimini modernizatsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda

Britaniya Kengashi Oʻzbekistonda ingliz tili taʼlimini modernizatsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda

Britaniya Kengashi Oʻzbekistonda ingliz tili taʼlimini modernizatsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi mamlakatda boʻlajak oʻqituvchilarni tayyorlash (PRESETT) tizimini modernizatsiya qilish borasida olib borilayotgan milliy islohotlarga oʻz hissasini qoʻshishda  hamda mamlakat boʻylab faoliyat yurituvchi ingliz tili oʻqituvchilari tarmogʻini qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirliklari bilan yaqindan hamkorlik qilgan holda,  Britaniya Kengashi Oʻzbekistondagi boʻlajak ingliz tili oʻqituvchilarini tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari Milliy forumini tashkil qildi hamda Toshkent shahrida Uzluksiz kasbiy rivojlantirish xabini ishga tushirdi.

Mazkur tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 28.04.2025-yildagi “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-73-sonli farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 21.06.2024-yildagi “Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-231-son qarorida belgilangan maqsadlar va ustuvor vazifalarning bajarilishiga qaratilgan. 

2026-yilning 6-7-yanvar kunlari Britaniya Kengashi, har ikkala vazirliklar bilan hamkorlik qilgan holda, Oʻzbekistonda faoliyat yurituvchi hamda boʻlajak ingliz tili oʻqituvchilarini tayyorlovchi  50 dan ziyod davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalaridan kelgan vakillarni mamlakatda boʻlajak ingliz tili oʻqituvchilarini tayyorlashni (PRESETT) modernizatsiya qilishdagi ustuvor yoʻnalishlar hamda muammo va qiyinchiliklarni muhokama qilish maqsadida Milliy forumda jamladi.   

Forum davomida, shuningdek, ishtirokchilar uchun refleksiv amaliyot, inklyuziv taʼlim hamda PRESETT amaliyotlar hamjamiyati faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan trening mashgʻulotlari taqdim etildi. Ishtirokchilarga, forum doirasida, modul (fan) dasturlarini baholash amaliyotlariga moslashtirish boʻyicha materiallar hamda vositalar jamlanmasi taqdim etilib, ishtirokchilar ushbu materiallar va vositalarni oʻz OTMlarida hamkasblari bilan oʻrtoqlashishi nazarda tutilgan.

2026-yil 8-yanvar kuni Britaniya Kengashi hamda Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti Oʻzbekistonda oʻqituvchilarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini hamda taʼlimdagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan milliy platforma – CPD Xabni ishga tushirdi. Xab institut hududida joylashgan boʻlib, uning barcha ishtirokchilar uchun keng imkoniyatlar yaratuvchi, zamonaviy resurslar bilan taʼminlangan, yuzma-yuz va onlayn tarzda tashkil qilinadigan kasbiy oʻrganish faoliyatlarini tashkil qilish maskani vazifasini oʻtashi maqsad qilingan. 

“Oʻzbekistonda keng koʻlamli taʼlim islohotlari amalga oshirilmoqda va bunda oʻqituvchilarni tayyorlash ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Biz Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan milliy islohotlar kun tartibidagi ustuvor vazifalarni birgalikda roʻyobga chiqarish boʻyicha yaqindan hamkorlik qilamiz. Bugungi forum butun Oʻzbekiston boʻylab boʻlajak oʻqituvchilarni tayyorlovchi 220 nafardan ziyod mutaxassislarni jamlagan boʻlib, tadbir davomida boʻlajak oʻqituvchilarni tayyorlashga qaratilgan taʼlim dasturlari va oʻquv rejalarini isloh qilishdagi asosiy qadamlarni muhokama qilish hamda mavjud taʼlim dasturlari mazmuniga refleksiv amaliyot va inklyuziyani integratsiya qilish masalalarini muhokama qilamiz.

Biz, shuningdek, tadbir davomida ingliz tilini oʻqitish va oʻrganishda Sunʼiy Intellektning tutgan oʻrnini muhokama qilishga alohida urgʻu bergan holda, boʻlajak oʻqituvchilar rivojlantirishi zarur boʻlgan asosiy zamonaviy koʻnikmalarni tadqiq qilamiz. Anjumandan koʻzlangan yana bir maqsad bu Oʻzbekistonda faoliyat yurituvchi PRESETT mutaxassislari tarmogʻini kuchaytirish hamda ularning oʻzaro bir-biri bilan tajriba va malakalarini oʻrtoqlashishga ilhomlantirishdir.   

Boʻlajak ingliz tili oʻqituvchilarining oʻz faoliyatining birinchi kunlaridanoq oʻz kasbiy mahoratini oshirib borishga masʼuliyat bilan yondashishga hamda oʻz hamkasblari bilan hamkorlikda ishlashga ilhom topishidan nihoyatda mamnunmiz. Umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari uchun zarur qoʻllab-quvvatlovni taqdim etish maqsadida biz Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti bilan hamkorlikda Fargʻona, Jizzax va Namangan shaharlarida Uzluksiz kasbiy rivojlanish xablari faoliyatini ishga tushirdik”. – deydi Jamilya Gulyamova, Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori oʻrinbosari.

Forum Qoʻshma Qirollik hukumatining Xalqaro rivojlanish departamenti moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻylab yanada inklyuziv taʼlim tizimlarini rivojlantirish hamda ingliz tili oʻqituvchilarini tayyorlashga qaratilgan, Britaniya Kengashining Markaziy Osiyoda ingliz tilini oʻrganishni jadallashtirish (AELLCA) dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.  Dasturning asosiy akademik hamkori Buyuk Britaniyaning Norvich til taʼlimi instituti hisoblanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling