Bratislavada Oʻzbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi
Bratislavada Oʻzbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 19-yanvar kuni Slovakiya Respublikasining Bratislava shahrida mamlakatning yetakchi sayyohlik kompaniyalari ishtirokida “road show” tadbiri va madaniy dastur tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasining Vena shahridagi Elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, turizm yo‘nalishlari hamda sayyohlik salohiyatini Slovakiya bozorida targ‘ib etishga qaratildi.
Unda ikki davlatning 10 dan ortiq nufuzli sayyohlik kompaniyalari ishtirok etib, O‘zbekiston bilan turizm sohasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida ikki tomonlama uchrashuvlar (B2B) o‘tkazilib, kelgusida qo‘shma turpaketlar ishlab chiqish va sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekistonning turizm salohiyati ommaviy axborot vositalari, taqdimotlar hamda turli tarqatma materiallar orqali keng targ‘ib qilindi. Ishtirokchilarga mamlakatimizning tarixiy shaharlari, milliy an’analari, madaniy merosi va zamonaviy turizm infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Ushbu “road show” tadbiri O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, Yevropa bozorida mamlakatimizning turistik brendini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.