Bo‘zsuv kanalini ifloslantirgani uchun 1,5 milliard so‘m tovon puli tayinlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatida Bo‘zsuv kanalining ifloslanishi uchun 1,5 milliard so‘m tovon puli belgilandi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda kanalga oqava suv oqayotgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan va bu ekspertiza tomonidan tasdiqlangan edi.
Oqova suvlarning chiqish joylaridan olingan laboratoriya tahlil natijalariga ko‘ra, “Bo‘zsuv aeratsiya inshooti”ning birinchi sonli tashlamasida muallaq moddalar cheklangan miqdordan 23,7 marta, ammoniy ioni 101,9 marta, azot nitrit 3,5 marta, sulfatlar 2,3 marta, fosfatlar 1,3 marta, BPK 19,6 marta, neft mahsulotlari 2,52 marta, mis 4,16 marta, temir 12,4 marta yuqori ekanligi aniqlangan.
Shuningdek, obyektning uchinchi sonli tashlamasida muallaq moddalar belgilangan miqdordan 22,1 marta, ammoniy ioni 19,9 marta, azot nitrit 8,5 marta, sulfatlar 2,8 marta, fosfatlar 1,3 marta, BPK 17 marta, neft mahsulotlari 1,78 marta, mis 3,3 marta, temir 3,6 marta yuqori ekanligi ma'lum bo‘ldi.
Dastlabki tekshiruv davomida atrof-muhitni ifloslantirganlik hamda oqova oqizganlik oqibatida 1 mlrd 511 mln 966 ming 450 so‘m qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblandi.
Holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan JKning 205- va 207-moddalari bilan “Toshkent suv ta’minoti” AJga nisbatan jinoyat ishi qo’zgatilgan. Ayni damda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.