Boshqaning mulkini noqonuniy tasarruf etish uchun ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi
Boshqaning mulkini noqonuniy tasarruf etish uchun ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan — “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyat, tuman, shahar va mahalla bo‘yicha manzilli “yo‘l xaritalari” asosida ijtimoiy profilaktika tizimi yo‘lga qo‘yilib, jamoat joylarini raqamlashtirish qamrovi oshirildi.
Shu bilan birga, joylarda huquqbuzarliklarga sabab bo‘lgan omillar saqlanib qolyapti. Bu borada Qonunchilik palatasi deputatlari joylarga chiqib, jinoyatchilik holatini o‘rganish, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish va mavjud muammolarni tahlil etishi natijasida qator tashabbuslarni ishlab chiqdi.
Ushbu qonun loyihasi bilan garovga qo‘yilgan mulkni ishonib topshirilgan shaxs tomonidan qonunga xilof ravishda tasarruf etish oz miqdor yoki ko‘p bo‘lmagan miqdorda sodir etilgan taqdirda ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Bu orqali mazkur turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikdagi mavjud bo‘shliq bartaraf etilmoqda.
Loyiha bilan telekommunikatsiya hamda Internet jahon axborot tarmoqlarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz shilqimlik qilish va jamoat tartibini buzuvchi boshqa shu kabi harakatlar uchun ham ma’muriy javobgarlik joriy etilmoqda. Ushbu norma jamoat tartibi va fuqarolarning osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvlar yoki harbiy harakatlarda qatnashishni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tarqatish, reklama qilish va namoyish etish uchun ham ma’muriy javobgarlikni belgilash nazarda tutilyapti.
Qonun loyihasida shaxs tomonidan sodir etilgan o‘z huquqbuzarligini targ‘ib qiluvchi materiallarni ommaviy axborot vositalarida hamda Internet tarmoqlarida tarqatish uchun ham javobgarlik belgilanmoqda. Bu huquqbuzarliklarni ommalashtirish va ularga taqlid qilish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar jamiyatda xavfsiz muhitni mustahkamlash, yangi turdagi huquqbuzarliklar paydo bo‘lishining oldini olish, aholi, ayniqsa, yoshlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan holatlarni bartaraf etish hamda huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.