Bosh prokuratura Aviator savdo markazidagi yong‘in bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi
Bosh prokuratura Aviator savdo markazidagi yong‘in bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bosh prokuratura poytaxtda joylashgan Aviator savdo markazida sodir bo‘lgan yong‘in fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, deya xabar qildi idora matbuot xizmati.
Tergov mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish, shuningdek, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha olib borilmoqda.
Yong‘in 31 yanvar kuni savdo markazining ikkinchi qavatida, bolalar o‘yin zonasi va fudkort joylashgan hududda sodir bo‘lgan. Gazeta.uz nashri maʼlumotlariga ko‘ra, yong‘in vaqtida ushbu qavatda yong‘in signalizatsiyasi va avtomatik yong‘in o‘chirish tizimlari ishlamagan.
Yong‘inni bartaraf etishga taxminan 200 nafar qutqaruvchi va o‘nlab maxsus texnika jalb etildi. Avariya-qutqaruv ishlari davomida savdo markazi yaqinida avtotransport harakati vaqtincha cheklandi.
O‘chirish ishlari yakunlanganidan so‘ng savdo majmuasi hududida 2023 yilda tug‘ilgan qizaloqning jasadi topilgan.