Bola huquqlari bo‘yicha Ombudsman 2024 yilda 52 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilganini maʼlum qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024 yilda xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 52 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Axborot xizmati rahbari Dilnoza Yusupova maʼlum qildi.
2024 yil davomida Bolalar ombudsmani kotibiyatiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan bolalar hamda ularning qonuniy vakillari tomonidan jami 1064 ta murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlarning 469 tasi Bolalar ombudsmani kotibiyati qabulida, shundan 160 ta murojaat Bolalar ombudsmani tomonidan o‘tkazilgan shaxsiy qabulida davomida qabul qilingan.
Shaxsan bolalardan kelib tushgan murojaatlar 44 ta yoki 4.1 % bo‘lib, voyaga yetmagan qiz bolalarning ulushi 61,4 foizni, 38,6 foizni esa o‘g‘il bolalar tashkil etadi.
Murojaatlarning 43,4 foizi bolaning shaxsiy huquq va erkinliklari, 41 foizi ijtimoiy huquqlar, 4,3 foizi iqtisodiy va ekologik huquqlar, 11,3 foizi esa bolaning boshqa huquqlariga tegishli bo‘lgan.
Bolalar ombudsmani tomonidan bola huquqlarini buzilishiga oid murojaatlar yuzasidan davlat organlariga 981 ta so‘rov kiritilgan.
Respublika hududlaridagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari hamda 24-son tarbiya koloniyasida bolalar tomonidan tezkor shikoyat va xabar berishni taʼminlash uchun “Bolalar ombudsmani qutilari” o‘rnatildi.