Bojxonachilar Bo‘stonliq tumanida sakkizta noyob lochinni noqonuniy olib o‘tishga urinishning oldini oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bojxonachilar Bo'stonliqda tabiat qo'ynidan 8 bosh lochinni ovlab, respublikamizdan noqonuniy olib chiqishga uringan shaxslarni to'xtatib qolishdi.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan DXX Chegara qo'shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda Bo'stonliq tumanida o'tkazilgan tezkor tadbirda avvaldan kuzatuvga olingan shaxs "Oqtosh" qo'riqlov punktida davlat chegarasini buzib o'tgan holda harakatlanayotganida to'xtatib qolindi.
Bu esa bejiz emas ekan - ushbu shaxsning yonidagi sumka belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko'zdan kechirilganida, uning ichida 8 bosh tirik lochin qushlari borligi aniqlandi.
Noqonuniy ravishda olib o‘tishda atrofdagilarga sezdirmaslik uchun qushlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lingan - qushlarning ko‘z va oyoqlari bog‘lab qo‘yilgan, qanotlari esa skotchlangan, shuningdek tor hajmdagi sumkaga zichlab joylangan.
Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi mutaxassislarining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu lochinlar O'zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan. Hozirda qushlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.