Bojxona va Soliq qo‘mitalari xodimlarining noqonuniy harakatlari fosh etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda Toshkent shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara bojxona posti inspektori xizmat mavqeidan foydalanib, Toshkent tumanida yashovchi, 1979 y.t. fuqaroning 7 kg oltin qimmatbaho metallarini Qozog‘iston Respublikasidan chegara bojxona posti orqali deklaratsiyada ko‘rsatmasdan va bojxona nazoratidan yashirgan holda o‘tkazib berish evaziga Chirchiq shahrida 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda bojxona xodimiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Toshkent shahrida qayd etilgan holatda esa Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasining shoʻba bosh inspektori xizmat mavqeidan foydalangan holda, oziq-ovqat mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ faoliyatini o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali tugatib berish evaziga 2500 AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘ini tuman soliq inspeksiyasi binosi oldida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda bosh inspektorga nisbatan Jinoyat Kodeksining
168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Boshqa holatda esa Mirobod tumani soliq inspeksiyasining mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari shoʻbasi inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, o‘ziga biriktirilgan hududda faoliyat yurituvchi savdo do‘konida soliq tekshiruvlari amalga oshirmaslik va kelgusida har qanday soliq tekshiruvlari to‘g‘risida oldindan xabar berib turish evaziga 10 mln so‘m pul mablag‘ini o‘zining bank plastik kartasiga o‘tkazdirib olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Endilikda ushbu inspektor ham qonun oldida javob beradi.