Valyuta kurslari 29/09/2025
$1 – 12138.67
UZS – -0,5%
€1 – 14176.75
UZS – -1,06%
₽1 – 145.36
UZS – -0,5%
Qidirish
Bog‘chalardagi zaharlanishlar bo‘yicha autsorsing kompaniyalariga qarshi jinoyat ishi ochildi

Bog‘chalardagi zaharlanishlar bo‘yicha autsorsing kompaniyalariga qarshi jinoyat ishi ochildi

Bog‘chalardagi zaharlanishlar bo‘yicha autsorsing kompaniyalariga qarshi jinoyat ishi ochildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatida davlat bog‘chalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq holat yuzasidan bir nechta autsorsing kompaniyalariga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar qildi viloyat prokuraturasi.

Hodisa 24 sentyabr kuni Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Quyichirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlarida sodir bo‘lgan. Bir qator maktabgacha taʼlim muassasalarida tarbiyalanuvchilarda oziq-ovqatdan zaharlanish holatlari qayd etilgan.

Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalar masʼul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov ishi sinchkovlik bilan, to‘la va sifatli o‘tkazilishini taʼminlash maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi hamda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzildi.

Tergov davomida ushbu autsorsing korxonalar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan barcha maktabgacha taʼlim muassasalaridagi tarbiyalanuvchilar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, tashxis-davolash ishlari tashkil etildi.

Hozirda, tibbiy yordam ko‘rsatilgan bolalar orasida og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kasallanganlar mavjud emas, vaziyat shifokorlarning to‘liq nazoratida.

Shuningdek, yuqoridagi kabi holatlar takrorlanishini oldini olish maqsadida prokuratura organlari tomonidan barcha davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga autsorsing shartnomasi asosida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilib berilishi ahvoli yuzasidan o‘rganish ishlari tashkil etildi.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, uning yakuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling