Bobur shahrida rassomlar festivali tashkil etiladi va g‘oliblar avtomobil bilan taqdirlanadi
Bobur shahrida rassomlar festivali tashkil etiladi va g‘oliblar avtomobil bilan taqdirlanadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori bilan “Andijon viloyati Bobur shahrida rassomlar festivalini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, Festival 2026 yildan har 2 yilda 1 marotaba, qoida tariqasida, may oyida o‘tkaziladi.
Festivalda ishtirok etishni istagan nomzodlar Festival o‘tkaziladigan yilning 1 fevraligacha tashkilotchilarga quyidagilarni topshiradi:
- maʼlumotnoma (rezyume);
- 3 dona 6x9 o‘lchamdagi rangli fotosurat;
- tasviriy sanʼat sohasida yetarli tajribaga ega ekanligi, o‘z davlatida yoki boshqa chet elda o‘tkazilgan sohaga oid festivallar va ko‘rgazmalarda ishtirok etganligi to‘g‘risida guvohnoma, diplom, sertifikat nusxalari;
- nomzodning o‘zi ijod qilgan tasviriy sanʼat yo‘nalishidagi ijodiy asarlarining 10 donadan kam bo‘lmagan sifatli fotosuratlari va ularni yaratish jarayonlari aks ettirilgan videodisk.
Tashkiliy qo‘mita Festival o‘tkaziladigan yilning 1 apreligacha Festivalda ishtirok etuvchilarning ro‘yxatini aniqlab, ishtirokchilarga maʼlum qiladi.
Festival quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi: “Gran-pri”, “Eng yaxshi rangtasvirchi rassom”, “Eng yaxshi haykaltarosh”, “Eng yaxshi fotorassom”, “Eng yaxshi grafik rassom”.
Festival g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi sifatida O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan yengil avtomobil (Chevrolet Onix yoki shu klassdagi boshqa avtomobil), diplom, Festival ramziy haykalchasi va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.