Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 16/04/2025 B.Mustafayev: “Atrof-muhit – bizga ajdodlarimizdan meros qolgan va biz avlodlarimizga “eson-omon” yetkazishimiz kerak bo‘lgan omonat”

B.Mustafayev: “Atrof-muhit – bizga ajdodlarimizdan meros qolgan va biz avlodlarimizga “eson-omon” yetkazishimiz kerak bo‘lgan omonat”

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 14 aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari o‘rtasida savdo salohiyatini kengaytirish: qo‘shma taqiqotlar va strategik yechimlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyasi doirasida iqlim o‘zgarishi masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Anjumanning “Barqaror rivojlanish: yashil iqtisodiyot va ijtimoiy-demografik muammolar” sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayev maʼruza bilan ishtirok etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun turkiy davlatlar iqtisodiy, siyosiy, xavfsizlik va zamonaviy texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik bilan bir qatorda atrof-muhitni himoya qilish masalasida ham aloqalarni kuchaytirishmoqda.

“TDT o‘z eʼtibori markazidagi yana bir muhim soha – iqlim o‘zgarishlari muammolari bilan kurash yo‘nalishi hisoblanadi”, deydi ekspert.

TDT iqlim o‘zgarishlariga eng taʼsirchan mintaqalardan sanaladi. Shu nuqtai-nazardan ekologik muammolarga qarshi samarali milliy kurash tizimini yaratish birinchi navbatda global hamkorlar bilan emas, balki mintaqaviy sheriklar bilan muvofiqlashtiruvchi mexanizmlarni yaratishni talab etadi.

Qolaversa, turkiy xalqlarga xos bo‘lgan umumiy jihat
bu atrof-muhitga bo‘lgan yuqori masʼuliyat hissidir.

B.Mustafayevning so‘zlariga ko‘ra, turkiy xalqlarda “omonat” tushunchasi muhim o‘rin tutadi. “Yaʼni, atrof-muhit – bizga ajdodlarimizdan meros qolgan va biz avlodlarimizga “eson-omon” yetkazishimiz kerak bo‘lgan omonatdir. Shunday ekan, ushbu omonatni iqlim o‘zgarishlari sinovlari sharoitida birgalikda saqlab qolish bizning umumiy vazifamizdir”, deb taʼkidladi SMTI vakili.

Ekspert fikricha, o‘tgan 2024 yil chin va ramziy maʼnoda turkiy davlatlar uchun ekologiya yili bo‘ldi. Chunki TDTning rasmiy
va norasmiy sammitlarida ilk bora iqlim o‘zgarishlariga qarshi tashkilot doirasidagi birgalikdagi kurash mexanizmlarini yaratish bo‘yicha salmoqli tashabbuslar ilgari surildi.

Mazkur takliflar asosida “Turkiy yashil nazar” strategiyasi qabul qilindi. Mazkur konseptual xujjat barcha aʼzo mamlakatlar qarashlar tizimini yakdillashtirish va istiqboldagi iqlim siyosatini muvofiqlashtirish uchun muhim qadam bo‘ldi.

Qolaversa, 2024 yilning 14-noyabr kuni yana bir tarixiy hodisaning bo‘ldi. Yaʼni, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar Atrof-muhit va ekologiya bo‘yicha masʼul vazirlarining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

“Bu TDT doirasida iqlim o‘zgarishi sohasidagi mintaqaviy hamkorlikning tizimli asosda rivojlanayotganligi – yangi bosqichning boshlanganligi ko‘rsatadi”, deydi tahlilchi.

Bundan tashqari iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha hamkorlik ayrim turkiy davlatlar o‘rtasida yana-da mustahkamroq rivoj topayotganligini alohida taʼkidlandi. Xususan, 2024 yili O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasida “Yashil texnologiyalarni rivojlantirish va ulardan o‘zaro foydalanish bo‘yicha Strategik sheriklik” shartnomasi imzolanganligi aytib o‘tildi.

Shu o‘rinda B.Mustafayev Turkiy davlatlar o‘rtasida atrof-muhitni saqlash bo‘yicha sherikchilik munosabatlarining ham ko‘ptomonlama, ham ikkitomonlama shakllarda yangi bosqichga ko‘tarilishida O‘zbekistonning alohida o‘rni borligiga eʼtibor qaratdi.

O‘zbekiston TDT doirasida ekologik hamkorlikni kuchaytirish, birgalikdagi “yashil” loyihalarni amalga oshirish va iqlim siyosatini muvofiqlashtirishdan har tomonlama manfaatdor. Masalan, so‘nggi sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qarorgohi Nukus shahrida bo‘lgan Turkiy ekologik kengashni tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini tegishli vazirlar darajasida O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bildirildi.

Kengash ekologik sohadagi umumiy siyosatni shakllantirish, saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun zaruriy institutsional asos bo‘lib xizmat qiladi.

Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash birgalikdagi harakatlarning konseptual asoslarini ham kuchaytirishni talab etadi. “Bu borada O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan muqobil energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida “Yashil energetika sari turkiy harakat” konsepsiyasini qabul qilish yana bir muhim qadam bo‘ladi”, deydi ekspert.

Mutaxassis fikriga ko‘ra, mazkur xujjat qabul qilingan Turkiy davlatlar tashkilotining “Turkiy yashil nazar” strategiyasini ham mantiqan, ham mazmunan to‘ldirib, iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha tegishli sohalardagi alohida hamkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Shuningdek, B.Mustafayev tadbir ishtirokchilarini iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishtirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqlim muammolariga katta eʼtibor qaratayotganligiga alohida o‘rg‘u berildi. Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, “Bugungi kunda ekologiya raqamli texnologiyalar kabi muhim sohaga aylanib bormoqda. Kelajakda barcha sohalar atrof-muhitga mos ravishda rivojlanishi kerak”.

O‘zbekiston ana shu tamoyilga amal qilgan holda “yashil” kelajak sari keng ko‘lamli qadamlar tashlamoqda. Xususan, issiqxona gazlari chiqindilarini 2030 yilgacha 35 foizga kamaytirish majburiyatini olgan Parij kelishuvini ratifikatsiya qilindi.

2025-yil O‘zbekistonda “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti – Yashil universiteti tashkil etildi.

Universitet iqlimshunoslikdan tortib yashil texnologiyalargacha bo‘lgan eng zamonaviy ekologik yo‘nalishlarni qamrab olgan birinchi ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim muassasasiga aylandi.

Ekspert fikriga ko‘ra, O‘zbekiston ichki muvaffaqiyatlar bilan birga qo‘shnilar va tashqi sheriklar bilan hamkorlikka ham katta eʼtibor qaratmoqda. Mintaqaviy darajada O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturi qabul qilindi. Yaqinda Samarqandda bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi Forumda O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan Markaziy Osiyo Yashil rivojlanish konsepsiyasi taqdim etildi.

“O‘zbekiston iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha muvofiqlashtirilgan siyosatni Markaziy Osiyo sarhadlari bilan cheklamoqchi emas”, deydi mutaxassis. Uning so‘zlariga ko‘ra, TDT umumiy ekologik muammolarni hal etishdagi keyingi muhim siyosiy maydonga aylanishi kerak. Ushbu maqsadda bir qancha takliflar ilgari surildi:

Birinchidan, iqlim monitoringining umumturkiy yagona raqamli platformasini ishlab chiqish. Hozirgacha bizda u yoki bu turkiy mamlakatdagi ekologik holat bo‘yicha ishonchli maʼlumotlar bazasi mavjud emas. Iqlim o‘zgarishlar bilan kurashish yo‘lidagi birinchi qadam yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirishdan iborat bo‘lishi lozim. Bunday tezkor axborot almashish imkoniyati muvofiqlashtirilgan strategik qarorlar qabul qilishni tezlashtirib, iqlim siyosatini barcha mamlakatlar umumiy manfaatlari nuqtai-nazaridan yuritishga imkon beradi.

Ikkinchidan, birgalikda kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yaratish. Hozirgi kunda TDT barcha aʼzo mamlakatlarida o‘zini qayta tiklovchi energiya manbalariga o‘tish jarayonlari boshlandi. Lekin ko‘plab davlatlarda haligacha mazkur texnologiyalarni ekspluatatsiya qilish jarayonida to‘g‘ri xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kadrlar bazasi mavjud emas. Shuning uchun TDT davlatlari umumiy o‘qitish platformasini yaratishdan manfaatdorlar. Bu yashil texnologiyalarga o‘tish jarayonini tezlashtirib, ulardan foydalanish samaradorligini yana-da oshiradi.

Uchinchidan, TDT davlatlari o‘rtasida yashil texnologiyalarga o‘tishda “aylanma iqtisodiyot” modelining konseptual asoslarini joriy etish. Bu loyiha qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini bir necha barobar oshirishga imkon yaratadi. Chunki TDT davlatlarida birgina ekspluatatsiyadan chiqqan quyosh panellaridan qayta foydalanish bo‘yicha ko‘nikma, zaruriy mexanizm va infrastruktura mavjud emas. Mazkur texnologiyalarsiz qayta tiklanadigan energiya manbalarining o‘zi atrof-muhitga zarar keltiruvchi omilga aylanib qolishi mumkin.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling