BMTTD va Yaponiya O'zbekistondagi maktab va bolalar bog'chalarini dekarbonizatsiya qilishga yordam berishdi
BMTTD va Yaponiya O'zbekistondagi maktab va bolalar bog'chalarini dekarbonizatsiya qilishga yordam berishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida “Qo‘shma kreditlash mexanizmi orqali innovatsion dekarbonizatsiya yechimlarini ilgari surish hamda O‘zbekistonda davlat binolari va jamoat transportining dekarbonizatsiya salohiyatini namoyish etish” nomli qo‘shma loyihaning yakuniy seminari bo‘lib o‘tdi.
Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan ushbu tashabbus dekarbonizatsiya bo‘yicha amaliy yechimlarni sinovdan o‘tkazish, faktlarga asoslangan iqlim siyosatini mustahkamlash va O‘zbekistonning barqaror kelajakka o‘tishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.
Tadbirda loyiha ijrochilari va manfaatdor tomonlar, jumladan, Sirdaryo viloyati hokimi, mahalliy maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari vakillari ishtirok etib, natijalar va o‘rganilgan saboqlarni, ayniqsa energiya samaradorligi bo‘yicha pilot tashabbuslarni muhokama qildilar.
Beshta pilot tashabbus Toshkent shahrining Mirobod tumanida va Sirdaryo viloyatining qishloq hududlarida amalga oshirilmoqda. Ularning doirasida maktab, bolalar bog‘chalari va poliklinika kabi davlat muassasalariga sakkizta propan asosidagi issiqlik nasoslari va o‘ttiz sakkizta konditsioner o‘rnatildi.
Ushbu modernizatsiya eskirgan elektr va ko‘mir asosida ishlovchi isitish tizimlarini almashtirib, ko‘mir iste'molini 115 tonnaga kamaytirishga va issiqxona gazlari chiqindilarini yiliga 482,3 tonnaga qisqartirishga yordam berdi.
Ilg‘or yapon texnologiyalariga asoslangan issiqlik nasoslari har bir birlik elektr energiyasiga 3-4 baravar ko‘p issiqlik ishlab chiqaradi, bu esa energiya xarajatlarini kamaytiradi va 13 500 dan ortiq foydalanuvchi uchun qulaylikni oshiradi.
Tashabbus bolalar uchun qulay sharoit yaratishni maqsad qilgan bo‘lib, yangilangan tizimlar ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz muhitni mustahkamlaydi. Shuningdek, loyiha doirasida Toshkentdagi Shota Rustaveli ko‘chasida havo sifatini monitoring qilish stansiyasi ishga tushirilib, hududdagi 120 000 nafardan ortiq aholiga foyda keltirmoqda.
“Bu yutuqlar shunchaki texnik yechimlar emas: ular yanada puxta va ongli siyosiy qarorlar qabul qilish uchun mustahkam asos yaratadi. Sirdaryo ushbu dekarbonizatsiya yechimlarini amalda joriy etib, sinovdan o‘tkazib va o‘z samarasini namoyish etgan pilot hudud sifatida faxrlanadi. Biz yanada toza va barqaror yo‘lni davom ettirishga tayyormiz”- Azizbek Turdimurodov, Sirdaryo tuman hokimi.
Seminarda, shuningdek, xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan va tanlangan energetika yo‘nalishlarida sinovdan o‘tkazilgan O‘zbekistonning yangi “Qazilma yoqilg‘i subsidiyalari inventarizatsiyasi milliy metodologiyasi” taqdim etildi.
qtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) ekspertlari metodologiyaning konseptual asoslari, ma’lumotlar arxitekturasi hamda monitoring, hisobot va verifikatsiya (MRV) jarayonlari haqida ma'lumot berib, uning milliy statistika va iqlim hisobotlari tizimida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladilar.
Tadbir ishtirokchilari potentsial qazilma yoqilg‘i subsidiyalari islohoti bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy va sektorga oid zaifliklarni baholash bo‘yicha innovatsion tahlil natijalarini ko‘rib chiqdilar.
Tahlil sezgir sohalar va aholining himoyaga muhtoj guruhlarini aniqladi, xavf darajasi bo‘yicha xulosalar berdi va islohotlarni O‘zbekistonning iqlim majburiyatlari hamda uzoq muddatli past uglerodli rivojlanish strategiyasi bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi.
Seminar amaliy muloqot bilan yakunlandi. Ishtirokchilar Sirdaryo viloyatidagi pilot hududlarda sezilarli natija ko‘rsatayotgan energiya tejamkor isitish va sovitish tizimlarini kengaytirish hamda Toshkent shahrida havo sifati va issiqxona gazlari monitoringi tarmoqlarini rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar.
Ushbu sa’y‑harakatlar maqsadli texnik yechimlarning sog‘lom muhit yaratish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochishga qanday hissa qo‘shishini yaqqol namoyish etadi.
“Inklyuzivlik va mahalliy aholining faol ishtiroki ishlarimizning markazida bo‘ldi. Ushbu loyiha mahalliy hamjamiyatlar hamda hududiy hokimiyat organlari davlat moliyalashtirish mexanizmlari ko‘magida jamoat binolarida energiya samaradorligini oshirish va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishda naqadar muhim rol o‘ynashini yaqqol ko‘rsatdi” - BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii.