Valyuta kurslari 21/08/2025
$1 – 12466.44
UZS – -0,47%
€1 – 14517.17
UZS – -0,77%
₽1 – 155.42
UZS – -0,35%
Qidirish
O‘zbekiston 08/08/2025 BMTning III Konferensiyasida O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha tashabbuslari taqdim etildi

BMTning III Konferensiyasida O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha tashabbuslari taqdim etildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkmanistonning “Avaza” milliy turistik hududida bo‘lib o‘tgan BMTning dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha III Konferensiyasi doirasida “Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlarga moslashish salohiyatini oshirish, barqarorlikni kuchaytirish” mavzusida yuqori darajadagi panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha milliy sa’y-harakatlar haqida ma’ruza qildi.

Mazkur muhokamada Malavi Respublikasi vitse-prezidenti Maykl Bisvik Usi, Butan Qirolligi tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri Dama Nath Dungyel, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Tangryguly Ataxalliyev, Moldova Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Serjiu Lazarenku, Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligining parlament davlat kotibi Yoxann Zaatxoff, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi o‘rinbosari Dmitriy Maryasin, BMT tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha boshqarmasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy departamenti rahbari Nataliya Alonso Kano, Botsvana universiteti dotsenti, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hukumatlararo ekspertlar guruhi (IPCC) yetakchi muallifi Ofa Polin Dube va boshqa davlatlar va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Aziz Abduhakimov o‘z nutqida so‘nggi 50 yil ichida mamlakatda o‘rtacha yillik harorat 1,2°C ga oshgani, qurg‘oqchil kunlar soni esa 20 foizga ko‘payganini ta’kidladi. 2023-yilda mamlakat hududining deyarli 40 foizi kuchli qurg‘oqchilikka duchor bo‘lib, bu holat yalpi ichki mahsulot tarkibida 17 foiz ulushga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Vazir eng yaqqol ekologik inqiroz namunasi sifatida Orol dengizining qisqarishini keltirib o‘tdi, bu holat taxminan bir million kishining salomatligiga xavf solmoqda va ularning hayot manbalari yo‘qolishiga olib kelmoqda.

Shu bilan birga, vazir O‘zbekiston “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida iqlim o‘zgarishiga moslashish, tabiiy ofatlarni oldindan aniqlash va ekotizimlarni tiklash bo‘yicha samarali choralar ko‘rayotganini ta’kidladi. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari uchun moslashuv rejalari ishlab chiqilgan, issiqxona gazlari tashlanmalarini cheklash to‘g‘risida qonun qabul qilingan, uglerod chiqindilarini tartibga solish mexanizmlari joriy etilmoqda hamda Milliy iqlim o‘zgarishi strategiyasi tasdiqlangan. Vazirning chiqishi xalqaro hamkorlar tomonidan qiziqish va qo‘llab-quvvatlash bilan kutib olindi hamda kuchayib borayotgan iqlim muammolari sharoitida barqarorlik masalalari bo‘yicha umumiy muhokamalarga katta hissa qo‘shdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling