BMTning biznes va inson huquqlari masalalari bo‘yicha forumida O‘zbekiston tajribasi taqdim etildi
BMTning biznes va inson huquqlari masalalari bo‘yicha forumida O‘zbekiston tajribasi taqdim etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasi 2025 yil 24-26 noyabr kunlari Jenevada o‘tkazilgan biznes va inson huquqlari masalalari bo‘yicha 14-yillik forumda ishtirok etdi. Tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi tomonidan tashkil etildi.
Forumda xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, ilmiy va ekspertlar hamjamiyati, shuningdek, ishbilarmon doiralar va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat 1200 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi "Siyosiy inqiroz sharoitida Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyoda biznes va inson huquqlari sohasidagi yutuqlarni saqlab qolish" mavzusiga bag‘ishlangan maxsus yalpi sessiyada ishtirok etdi.
Sessiyada geosiyosiy beqarorlik va korporativ masʼuliyat mexanizmlarining o‘zgarishi sharoitida inson huquqlari sohasidagi dolzarb muammolar muhokama qilindi.
Munozaralarda BMTning Biznes va inson huquqlari masalalari bo‘yicha ishchi guruhi aʼzosi L.Yakulevichene, BMT Taraqqiyot dasturi eksperti E.Uvarova, Belgrad inson huquqlari markazi ijrochi direktori S.Toshkovich, Gretsiya Inson huquqlari bo‘yicha milliy komissiyasi raisi M.Gavuneli va boshqalar so‘zga chiqdi.
A.Saidov o‘z nutqida ishtirokchilarga inson huquqlarini himoya qilish standartlarini ishbilarmonlik muhitiga joriy etish bo‘yicha O‘zbekistonning milliy tajribasi, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi. Biznesda inson huquqlarini hurmat qilish madaniyatini shakllantirish, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish, shuningdek, kadrlar tayyorlash va tadbirkorlarning huquqiy savodxonligini oshirish masalalari bo‘yicha erishilgan yutuqlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Sessiya ishtirokchilarining chiqishlarida, zamonaviy tahdidlarni hisobga olgan holda, inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlarni saqlab qolish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarurligi alohida taʼkidlandi.