BMT Maxsus vakili Kaxa Imnadze Namanganga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil sentyabr BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus Vakili va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (UNRCCA) rahbari Kaxa Imnadze, Namangan viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif Namanganda 17–18 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan III Xalqaro “Kambag‘allikdan farovonlik sari” forumi doirasida tashkil etildi.
Namanganda bo‘lganida, Kaxa Imnadze FAOning BMT Bosh kotibining Tinchlik qurish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan qo‘shma loyihasi – “Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaradosh hududlarida hamkorlik orqali umumiy farovonlik” doirasida ishtirok etayotgan uy xo‘jaliklari — benefisiarlar bilan uchrashdi va loyiha natijalari bilan tanishdi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaradosh hududlarida ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, mahalliy hokimiyat organlari, jamoalar va fuqarolik jamiyati o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, shuningdek, ayollar va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. Benefisiarlar ilg‘or qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini joriy etish, turmush sharoitlarining yaxshilanishi va chegaradosh hududlarda hamkorlikning kuchayganini ta’kidlashdi.
“Butun Markaziy Osiyo bo‘ylab ko‘rib turibmizki, mamlakat ichidagi va mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik insonlar va jamoalar hayotida aniq yutuqlarga olib kelishi mumkin,” — dedi Kaxa Imnadze.
Tashrif FAO O‘zbekiston vakolatxonasi tomonidan UNRCCA, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori idorasi va mahalliy hokimiyatlar bilan yaqindan hamkorlikda tashkil etildi. Unda boshqa BMT agentliklari vakillari ham ishtirok etdilar. Ushbu tashrif Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoda tinchlik, hamkorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash borasidagi umumiy sadoqatini yana bir bor tasdiqladi.