BMT Hamkorlik Dasturining birinchi yig'ilishi Toshkentda bo'lib o'tdi
BMT Hamkorlik Dasturining birinchi yig'ilishi Toshkentda bo'lib o'tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida BMTning 2026–2030-yillarga moʻljallangan barqaror rivojlanish boʻyicha Hamkorlik dasturi Boshqaruv qoʻmitasining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.
Shuningdek, yigʻilishda BMT tizimi tashkilotlari, tegishli vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Tadbir davomida Hamkorlik dasturining asosiy ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqildi. Dastur doirasida adolatli va samarali davlat boshqaruvini taʼminlash, aholi farovonligini oshirish va ijtimoiy himoyani mustahkamlash, sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, taʼlim sifatini yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishiga moslashish, shuningdek, Orolboʻyi hududini barqaror rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻz navbatida, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov BMTning mazkur barqaror rivojlanish boʻyicha Hamkorlik dasturi hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining oʻzaro uygʻun jihatlariga alohida toʻxtalib, har ikki hujjatning ijtimoiy yoʻnaltirilganligi, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, ekologik maqsadlar mushtarakligi va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekanligini taʼkidladi.
Shuningdek, Markaz rahbari mazkur Hamkorlik dasturining samarali va izchil olib borilishi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishga ijobiy taʼsir koʻrsatishini alohida qayd etdi.
Yigʻilishda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan 2021–2025-yillarga moʻljallangan dastur natijalari sarhisob qilinib, amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar va ustuvor vazifalar muhokama etildi.
Shu bilan birga, kelgusi yillarda BMT tomonidan amalga oshirilishi koʻzda tutilgan loyihalar yuzasidan taqdimotlar tinglandi.
Maʼlumot uchun, ushbu Hamkorlik dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish oʻrtasida 2025-yil 5-avgust kuni Turkmanistonning Avaza shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar asosida ishlab chiqilgan hamda 2025-yil 24-oktyabr kuni tasdiqlangan.