BMT Ayollar Tashkiloti va ACWA Power O‘zbekiston energetika sohasidagi ilk xususiy sektor hamkorlik bitimini imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — BMT Ayollar Tashkiloti va ACWA Power Uzbekistan ayollarni iqtisodiy jihatdan kuchaytirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida hamkorlik bitimini imzoladi.
Ushbu kelishuv Oʻzbekistonda BMT agentligi va xususiy kompaniya oʻrtasidagi birinchi hamkorlik tashabbusi hisoblanadi. 12 oylik sheriklik doirasida ACWA Power 50 000 AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratadi, bu esa BMT Ayollar Tashkilotining Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish dasturi (WEE) doirasidagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.
Ushbu tashabbus taʼlim va mehnat bozorida ayollar ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan boʻlib, gender tengligi boʻyicha treninglar, liderlik salohiyatini rivojlantirish dasturlari hamda Shirin kollejida “Gender tengligi” fanining sinov dasturini joriy etishni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, loyiha gender asosidagi zo‘ravonlikning oldini olish boʻyicha salohiyatni oshirish faoliyatlari va milliy darajadagi Ayollarni ruhlantirish forumini oʻz ichiga oladi.
2025-yil may oyida Oʻzbekistonda gender tengligi va ayollarni kuchaytirish maqsadlarini qoʻllab-quvvatlash uchun ishga tushirilgan BMT Ayollar Tashkiloti texnik ekspertiza va treninglarni taqdim etadi, Oʻzbekistondagi eng yirik qayta tiklanuvchi energiya investori ACWA Power esa tashabbusning moliyalashtirilishi va amalga oshirilishini nazorat qiladi.
Ushbu hamkorlik Oʻzbekistonning milliy islohotlar ustuvor yoʻnalishlariga, jumladan 2030-yilgacha gender tengligini taʼminlash strategiyasi hamda Ayollarning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish boʻyicha milliy dastur (2022–2026) maqsadlariga mos keladi. Har ikkala hujjat ayollar uchun taʼlim, boshqaruv va iqtisodiyot sohalarida teng imkoniyatlar va kengroq vakillikni taʼminlashga qaratilgan.
“BMT Ayollar Tashkiloti bilan hamkorlik bizga Oʻzbekistonda ayollar uchun xavfsizroq ish joylari, adolatli imkoniyatlar va kuchliroq vakillikni taʼminlaydigan amaliy tashabbuslarni ilgari surish imkonini beradi,” — dedi ACWA Power Uzbekistan kompaniyasining mamlakat boʻyicha bosh direktori doktor Jon Zaidi. “Treninglar, o‘quv dasturlari va liderlik salohiyatini rivojlantirishga sarmoya kiritish orqali biz nafaqat tashkilotlar va kompaniyalar, balki butun jamiyat uchun foyda keltiradigan amaliyotni mustahkamlashni maqsad qilganmiz.”
“Ushbu hamkorlik xususiy sektor ishtiroki gender tengligi yo‘lidagi taraqqiyotni qanday tezlashtirishi mumkinligini yaqqol namoyon etadi,” — dedi BMT Ayollar Tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha aloqa ofisi rahbari va Qozog‘iston mamlakat ofisi rahbari Seren Guven Gyures. “ACWA Power koʻmagida biz ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytiramiz hamda taʼlim va ish joylarida himoya choralarini kuchaytiramiz.”
Ushbu kelishuv xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini aks ettiradi hamda bunday strategik sherikliklar Oʻzbekistonning islohotlar kun tartibini jadallashtirishga qanday hissa qoʻshishi mumkinligini koʻrsatadi.
BMT Ayollar Tashkiloti haqida
BMT Ayollar Tashkiloti — ayollar huquqlari, gender tengligi va barcha ayollar hamda qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida faoliyat yuritadi. Gender tengligi bo‘yicha BMTning yetakchi tashkiloti sifatida biz qonunlar, institutlar, ijtimoiy xulq-atvor va xizmatlarni o‘zgartirib, gender tafovutini qisqartirish hamda barcha ayollar va qizlar uchun teng huquqli dunyo barpo etishga intilamiz. Biz ayollar va qizlar huquqlarini global taraqqiyot markaziga qo‘yamiz — har doim va har yerda. Chunki gender tengligi — bu shunchaki biz qiladigan ish emas. Bu — biz kimligimizdir.
ACWA Power (TADAWUL:2082) — Saudiya Arabistonida ro‘yxatdan o‘tgan va dunyodagi eng yirik xususiy sho‘r suvni chuchuklashtirish kompaniyasi bo‘lib, global energetika o‘tish jarayonida yetakchi hisoblanadi. Kompaniya 2004-yilda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida tashkil etilgan va bugungi kunda Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyoning 15 mamlakatida faoliyat yuritadi. ACWA Power 4 mingdan ortiq xodimga ega bo‘lib, umumiy qiymati 428 milliard Saudiya riyali (114 milliard AQSH dollari) bo‘lgan 108 ta loyihani amalga oshirmoqda yoki rivojlantirish jarayonida. Ushbu loyihalar 94 gigavatt quvvat ishlab chiqarish va kuniga 9 million kub metr chuchuk suv ishlab chiqarish imkonini beradi. Kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan energiya va suv davlat xizmatlari hamda sanoat korxonalari ehtiyojlarini qondirish maqsadida uzoq muddatli shartnomalar asosida, davlat-xususiy sheriklik va outsorsing modellarida yetkazib beriladi. Oʻzbekistonda ACWA Power qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi eng yirik investor bo‘lib, qiymati 15 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan, shamol va quyosh energiyasi, energiya saqlash tizimlari hamda yashil vodorod tashabbuslarini o‘z ichiga olgan 15 ta loyihani amalga oshirmoqda.