BMT Aholishunoslik jamg'armasi va O'zbekiston demografik ko'rsatkichlar va mehnat bozorini muhokama qilishdi
BMT Aholishunoslik jamg'armasi va O'zbekiston demografik ko'rsatkichlar va mehnat bozorini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 2-aprel kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abaszada hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar demografik jarayonlar va mehnat bozori rivojlanishining barqaror iqtisodiy o‘sishdagi o‘rni hamda ushbu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha kengaytirish masalalari yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Xususan, muhokamalar davomida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi:
demografik prognozlar asosida ijtimoiy va infratuzilma xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni oldindan baholash va rejalashtirish bo‘yicha yondashuvlarni ishlab chiqish;
demografik dividendlar, ularning inson kapitali rivoji va hududlar daromadlarining barqarorligiga ta’sirini o‘rganishga qaratilgan qo‘shma tahliliy tadqiqotlarni amalga oshirish;
xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda salohiyatni oshirish (capacity-building) dasturlarini tashkil etish;
qo‘shma texnik ko‘mak va grant loyihalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish.
Shuningdek, tomonlar mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish, hududiy nomutanosibliklarni kamaytirish, mehnat bozorini takomillashtirish va ijtimoiy siyosat samaradorligini oshirish masalalarida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, yuqoridagi masalalar yuzasidan fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan kelishib oldi.