BMB HOLDING raisi Ernst & Young bilan xoldingning xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuvini muhokama qildi
BMB HOLDING raisi Ernst & Young bilan xoldingning xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuvini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shu kunlarda BMB HOLDING Taʼsischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov Yevropa mamlakatlariga ishchi safarini amalga oshirmoqda.
Mazkur safar doirasida joriy yilning 28 yanvar kuni Bekzod Mamatqulov Italiya poytaxti Rim shahrida Ernst & Young Global Consulting kompaniyasining Italiyadagi ofisi Prezidenti maslahatchisi Alessandro Mombelloni bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida BMB HOLDING tarkibidagi korxonalarni Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) tizimiga o‘tkazishni davom ettirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda Xolding tarkibidagi BMB High Tech korxonasi moliyaviy hisobotlarni tayyorlashda MHXS tizimiga to‘liq o‘tgan bo‘lib, 2026 yil yakuniga qadar yana uchta korxona mazkur tizimga to‘liq o‘tishi qayd etildi.
Shuningdek, tomonlar BMB HOLDING tarkibidagi korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarga xalqaro moliya institutlari tomonidan investitsiyalar va banklarni moliyaviy resurslarini to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qilish masalalarini muhokama qildilar.
Samarali va ishchan ruhda o‘tgan uchrashuv yakunlariga ko‘ra, BMB HOLDING tarkibidagi korxonalarni xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga to‘liq moslashtirish, shuningdek, ularning xalqaro moliya bozorlariga integratsiyasini jadallashtirishga qaratilgan aniq amaliy qadamlar rejasi bo‘yicha kelishib olindi.
Umuman olganda, mazkur kelishuvlar Xolding korxonalari faoliyatida moliyaviy shaffoflikni oshirish, investorlar ishonchini mustahkamlash hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.