Belarus-O‘zbekiston: Agrar hamkorlikning yangi ufqlari ochilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Tashrifning ilk manzillaridan biri Belarus Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri o‘rinbosari Igor Smilgin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv bo‘ldi.
Muloqot jarayonida ikki davlat o‘rtasidagi agrar sohadagi hamkorlik holati va istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, o‘zaro qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini kengaytirish, go‘sht va sut mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilandi.
Shuningdek, Belarus tajribasiga tayanib, O‘zbekistonda golubika yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, kartoshka urug‘larini sinovdan o‘tkazish, zig‘ir urug‘ini yetkazib berish bo‘yicha amaliy qadamlar belgilab olindi. Agrar ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlaridagi hamkorlik esa alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik bo‘yicha tuzilgan Qo‘shma ishchi guruhining navbatdagi — 6-yig‘ilishi bo‘yicha Bayonnoma ikki davlat vakillari tomonidan imzolandi. Bu hujjat ikki tomonlama hamkorlikning mustahkam huquqiy asosiga aylanishi shubhasiz.
Safar doirasida yana bir muhim uchrashuv Volkovysk shahrida joylashgan "Bellakt" AJ kompaniyasi bosh direktori Vitaliy Lupik bilan bo‘lib o‘tdi. Mazkur korxona – nafaqat Belarusda, balki butun MDH hududida quruq bolalar oziq-ovqati ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik va yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi.
Delegatsiya kompaniya faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ularni ichki va tashqi bozorga yetkazish tizimi bilan yaqindan tanishdi. “Bellakt” – bolalar ovqati, sut mahsulotlari, shuningdek, homilador va emizikli ayollar uchun mo‘ljallangan maxsus oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda faoliyat yuritayotgan korxona.
Uchrashuv davomida ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, import va eksportni yo‘lga qo‘yish, texnologiyalar almashinuvi bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.