Belarus Bosh vaziri TEXNOPARK faoliyatini tekshirdi
Belarus Bosh vaziri TEXNOPARK faoliyatini tekshirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida poytaxtimizdagi TEXNOPARK MChJ ishlab chiqarish majmuasiga tashrif buyurdi.
2019-yilda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida tashkil etilgan TEXNOPARK bugungi kunda 17 ta yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni birlashtirgan yirik sanoat majmuasiga aylangan.
Tashrif davomida Bosh vazirga keng turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlari namoyish etildi. Jumladan, gazni elektron hisobga olish asboblari, lift va eskalatorlar, maishiy texnika (muzlatkichlar, kir yuvish mashinalari), sanoat uskunalari (qozonlar, konditsionerlar, nasoslar), shuningdek qurilish materiallari (sendvich panellar, alyuminiy kompozit panellar, bazalt izolyatsiya materiallari) ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishtirildi.
Hozirda TEXNOPARKda 5 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, korxonada ishlab chiqarilgan tovar mahsulotlari hajmi 800 milliard so‘mni (taxminan 62 million AQSH dollari) tashkil etdi. Majmua mahsulotlari Rossiya, Ruminiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Gruziya, Tojikiston, Mongoliya, Turkiya, Qirg‘iziston va Afg‘oniston bozorlariga eksport qilinmoqda.