BBC News O'zbekistondagi qor qoplonlari haqida epizod efirga uzatadi
BBC News O'zbekistondagi qor qoplonlari haqida epizod efirga uzatadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 28-fevral, shanba kuni BBC telekanalida "Tabiatni asrashdagi sarguzashtlar: qor qoplonlarini izlab" ("Adventures in Conservation: Searching for Snow Leopards") hujjatli filmi premyerasi bo‘lib o‘tadi. Film O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ko‘magida suratga olingan.
Loyihaning yangi sonida jurnalist va boshlovchi Mikaela Strachan O‘zbekistonning chekka tog‘li hududlariga yo‘l olib, noyob qor qoplonining izidan boradi.
U Hisor davlat qo‘riqxonasi inspektorlari bilan birgalikda fotoqopqonlar o‘rnatib, kam uchraydigan yirtqichni muhofaza qilish uchun muhim ma’lumotlarni to‘playdi.
Film bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, yetib borish qiyin bo‘lgan hududlardagi murakkab ekspeditsiyalar hamda yovvoyi tabiatni muhofaza qilish yo‘lida faoliyat olib borayotgan insonlar haqida hikoya qiladi.
Premyera — 28-fevralda, film, shuningdek, "BBC iPlayer" platformasida ham taqdim etiladi. Kartina Markaziy Osiyo tog‘ tabiatining ramzi bo‘lgan qor qoplonini asrash katta ahamiyatga ega ekanligini yoritib beradi.
Qor qoploni (ilvirs) yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) Qizil ro‘yxati va CITESning I Ilovasiga kiritilgan.
Tog‘larning o‘rta va yuqori qismida, dengiz sathidan 2100-4500 metr balandlikda yashaydi. Asosan, tunlari faollashadi, tog‘ bo‘ylab yuqoriga va pastga doimiy ko‘chib yuradi. 21 yilgacha umr ko‘radi.