Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 22/06/2025 Baxtiyor Saidov: O‘zbekiston islom olamida birdamlik, muloqot va adolat tamoyillarini qo‘llab-quvvatlaydi

Baxtiyor Saidov: O‘zbekiston islom olamida birdamlik, muloqot va adolat tamoyillarini qo‘llab-quvvatlaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 21 iyun kuni Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etdi.

Sessiya yakuni bo‘yicha o‘zining rasmiy Telegram-kanalida bayonot bilan chiqqan Baxtiyor Saidov bu tadbirning o‘ta murakkab va tarang xalqaro vaziyat sharoitidagi ahamiyatini alohida taʼkidladi.

«Biz juda murakkab geosiyosiy vaziyatda yig‘ildik. Shu paytda umumiy saʼy-harakatlarni birlashtirish va diplomatik mexanizmlar asosida konstruktiv yechimlar ishlab chiqish juda muhim. O‘zbekiston har doim muloqot va tinch muzokaralar tarafdori bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi», — dedi vazir.

Uning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyo mintaqasi hozirgi kungacha hamjihatlik va bir-birini tushunishga asoslangan yechimlarni topishda yuqori darajadagi salohiyatini ko‘rsatdi.

Saidov taʼkidlagan asosiy nuqtalardan biri — O‘zbekistonning islom dunyosidagi o‘rni va uning birdamlik, adolat hamda muloqot tamoyillariga sodiqligi bo‘ldi. U ayniqsa, bu tamoyillarning ahamiyati dunyodagi ziddiyatlar va inqirozlar kuchayib borayotgan sharoitda yana-da ortib borayotganini qayd etdi.

«Biz yana bir bor tinchlikka sodiqligimizni, xalqaro huquqni hurmat qilish va inson qadr-qimmatini himoya qilishga qaratilgan gumanitar tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni qatʼiy bayon etdik», — dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘z bayonotida.

Saidov so‘zining yakunida IHT doirasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash, islom olamida o‘zaro ishonch va hurmat asosidagi siyosiy muloqotni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling