Bandixon va Taxiatosh tumanlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida joylarda qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
Xususan, Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanida yashovchi, 1987 y.t. shaxs chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 3,5 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 1 mlrd 500 mln so‘m talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 110 ming AQSH dollari va 100 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilgan holatda esa, Qo‘ng‘irot tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkor Amudaryo tumanida yashovchi, 1983 y.t. shaxsning ishonchiga kirib, aslida boshqa bir fuqaroga quyonchilikni rivojlantirish uchun Taxiatosh tumani hududidan ajratib berilgan 169 gektar yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanligini aytadi va uning 50 gektar qismini har gektarini 1 ming AQSH dollaridan jami 50 ming AQSH dollariga sotishini maʼlum qiladi.
Ammo, tadbikor so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.