“Baliq qarma” milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiga xos bo‘lgan “Baliq qarma” milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Taom Orol dengizi va Amudaryo deltasiga yaqin hududlarda shakllangan qadimiy ovqatlanish an’analari, baliqchilikka tayanuvchi turmush tarzi, shuningdek o‘ziga xos tayyorlash usuli bilan ajralib turadi. “Baliq qarma” tarkibida pishirilgan baliq, sho‘rva, 1×1–2×2 sm o‘lchamdagi quritilgan xamir bo‘laklari hamda sabzavotlar ishlatiladi. Sho‘rvaning yuzasidan olingan yog‘ mayda to‘g‘ralgan piyoz ustiga quyilib, taomga xos ta’m va hidni beradi.
Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi “Baliq qarma” nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy himoya qiladi, sifat standartlarini mustahkamlaydi hamda Qoraqalpog‘istonning hududiy gastronomik brendini targ‘ib etish imkonini kengaytiradi.
Eslatma. Geografik ko‘rsatkich — mahsulotning ma’lum hududga mansubligini bildiruvchi va aynan shu hududning tabiiy-iqlimiy hamda ijtimoiy-madaniy omillari bilan bog‘liq alohida sifat va obro‘ni kafolatlaydigan intellektual mulk obyekti.