Azizbek Abdumuminovning dubli O‘zbekistonga Paragvay ustidan g‘alaba keltirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Qatarda bo‘lib o‘tayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘z chiqishini g‘alaba bilan boshladi.
O‘yinning 25-daqiqasida o‘zbekistonlik futbolchilar raqib maydonining yarmidan to‘pni tortib olib, tezkor qarshi hujum uyushtirishdi — Azizbek Abdumuminov 20 metr masofadan yo‘llagan kuchli zarbasi bilan hisobni ochdi.
45+2-daqiqada Abdumuminov dublni rasmiylashtirdi: u o‘ng qanotdan berilgan uzatmani qabul qilib, aniq zarba bilan to‘pni darvozaga yo‘lladi va O‘zbekiston jamoasi ustunligini ikki to‘pga yetkazdi.
Ikkinchi bo‘limda Paragvay terma jamoasi faollashdi, o‘zbekistonliklar esa qarshi hujumlarda o‘ynashga eʼtibor qaratdi. Jamoa bir nechta xavfli vaziyatlar yaratdi, ammo ularni golga aylantira olmadi.
89-daqiqada paragvayliklar penalti ishlab olishdi, uni Ledesma aniq amalga oshirib, hisobni qisqartirdi.
Qo‘shimcha daqiqalarda raqiblar hisobni tenglashtirish uchun ikki haqiqiy imkoniyatga ega bo‘lishdi, biroq omad O‘zbekiston tomonida bo‘ldi — o‘yin 2:1 hisobi bilan terma jamoamiz foydasiga yakunlandi.