Valyuta kurslari 13/03/2026
$1 – 12102.39
UZS – -0,27%
€1 – 13990.36
UZS – -0,55%
₽1 – 153.08
UZS – -0,21%
Qidirish
Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan bosh direktori etib tayinlandi

Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan bosh direktori etib tayinlandi

Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan bosh direktori etib tayinlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan bosh direktori lavozimiga tayinlandi. Ushbu lavozimni ilgari Abdulaxad Qo‘chqorov egallab kelgan.

Yangi lavozimda Karamatov mamlakat IT-sektori rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish uchun masʼul bo‘ladi. Bu vazifalar qatoriga startap-ekotizim va venchur bozorini qo‘llab-quvvatlash, IT Park rezidentlari bilan ishlash, shuningdek IT-xizmatlar va texnologik mahsulotlar eksportini kengaytirish kiradi.

Uning vazifalari doirasiga, shuningdek, xalqaro texnologik kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etish, IT Park Uzbekistan faoliyati samaradorligini oshirish va raqamli iqtisodiyot sohasidagi loyihalarni ilgari surish ham kiradi.

Karamatov 2007–2013 yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tahsil olib, bakalavr va magistr darajalarini olgan. 2016–2018 yillarda u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida taʼlimini davom ettirgan.

Mehnat faoliyati davomida u raqamli texnologiyalar sohasida turli lavozimlarda ishlagan. Jumladan, O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan, shuningdek xususiy sektorda ham ish tajribasiga ega.

Shu davr mobaynida Karamatov IT-infratuzilmani rivojlantirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalarni jalb etish sohalarida tajriba to‘plagan.

IT Park Uzbekistan bosh direktori lavozimiga tayinlanishidan oldin u IT Park Ventures kompaniyasiga rahbarlik qilgan. Uning rahbarligida fond mintaqadagi eng yirik startap-portfellardan birini shakllantirdi, xalqaro hamkorlar bilan qo‘shma venchur fondlarini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi hamda tadbirkorlikni rivojlantirish, IT-mutaxassislarini tayyorlash va startaplarni global bozorlarga olib chiqishga qaratilgan dasturlarni ishga tushirishda ishtirok etdi.

Shu bilan birga IT Park Uzbekistan rahbariyatining yangilangan tarkibi ham taqdim etildi. Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari lavozimiga Jahongir Rajabov Ixtiyor o‘g‘li tayinlandi. Rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha direktor etib Lazizbek Xudayev Ibroximovich, strategik rivojlanish bo‘yicha direktor etib Mahliyoxon Muksinova Azizjon qizi tayinlandi.

Inklyuziv rivojlanish yo‘nalishiga Dilafruz Miralimova Abdulla qizirahbarlik qiladi, mintaqaviy rivojlanish uchun esa Azam Abdullayev Abdushukurovich masʼul bo‘ladi.

Kutilishicha, yangilangan boshqaruv jamoasi IT Park Uzbekistan faoliyatini yana-da kengaytirishga, IT-xizmatlar va mahsulotlar eksportini oshirishga, startap-ekotizimni rivojlantirishga hamda mamlakatning global texnologik bozordagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling