Aytjan Xalmaxanov 24 yildan so'ng O'zbekiston jahon chempionati oltin medalini keltirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xorvatiyaning Zagreb shahrida oʻtayotgan sport kurashlari boʻyicha jahon chempionatidan xushxabar. Yunon-rum kurashi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Aytjan Xalmaxanov oltin medalni qoʻlga kiritdi.
-63 kg vazn toifasida bahs olib borgan hamyurtimiz hal qiluvchi bellashuvda janubiy koreyalik Chung Xan-Jayeni magʻlubiyatga uchratishga erishdi.
Bu soʻnggi 24 yil ichida yunon-rum kurashi boʻyicha dunyo birinchiligida oʻzbekistonlik atletlarning qoʻlga kiritgan dastlabki oltin medali boʻldi.
Shu tariqa, Oʻzbekiston terma jamoasi mazkur musobaqada 1 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini jamgʻarishga erishdi.
Yunon-rum kurashi bo‘yicha 60 kilogramm vazn toifasida Alisher G‘aniyev kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Bronza medallari G‘ulomjon Abdullaev (57 kg, erkin kurash), Umidjon Jalolov (65 kg, erkin kurash) va Abdullo Aliyev (72 kg, yunon-rum kurashi)ga nasib etdi.