Ayritom transchegara savdosining yangi markaziga aylanmoqda – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tadqiqoti natijalari
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) Ayritom erkin savdo zonasi faoliyatiga kompleks baholash o‘tkazdi. Tahlil natijalariga ko‘ra, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va tun-u kun ishlash rejimiga talab mavjud.
Loyihaning ko‘lami va infratuzilmasi
Ayritom erkin savdo zonasi 2024 yil avgust oyida Termiz shahrida ochilgan bo‘lib, Markaziy Osiyoda transchegara savdosini rivojlantirish yo‘lidagi eng yirik loyihalardan biriga aylandi. Bu orqali O‘zbekistonning savdo va logistika bo‘yicha mintaqaviy xab sifatidagi o‘rni yana-da mustahkamlanmoqda.
Zonaning umumiy maydoni 26 gektarni tashkil qiladi, shundan 164,2 ming m² infratuzilma obyektlariga ajratilgan. Hududda mehmonxona, tibbiyot klinikasi, biznes-maktab, restoranlar, ishlab chiqarish maydonlari va logistika kompleksi joylashgan. Loyiha doirasida 3,0 mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi, yillik eksport hajmi 1,2 milliard dollarga yetkazilishi hamda har yili 1,4 million nafargacha tashrifchi jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
Erkin savdo zonasi afg‘on fuqarolariga vizasiz tashrif buyurish imkonini beradi, transchegaraviy savdosini faollashtiradi va ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy aloqalarning kengayishiga xizmat qiladi.
Ayritom faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan beri bu yerga 740 mingdan ortiq kishi, shu jumladan 400 ming afg‘on fuqarolari tashrif buyurdi. Eng katta talab mehmonxona va tibbiy xizmatlarga to‘g‘ri keldi. Masalan, Hilton Garden Inn mehmonxonasi (190 o‘rinli, 3 yulduzli) xizmatlaridan 9 mingdan ziyod mehmon foydalangan. Shuningdek, yiliga 46 ming nafar bemorga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega ko‘p tarmoqli Akfa Medline ko‘p tarmoqli klinikasi bu vaqtgacha 76 mingdan ziyod kishiga tibbiy xizmat ko‘rsatgan, ularning qariyb 80 foizi afg‘on fuqarolaridir.
Savdo faoliyati ijobiy surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Mavjud 490 savdo maydonidan 218 tasida do‘konlar allaqachon ishlamoqda. Ayritom savdo zonasi orqali Afg‘onistonga umumiy qiymati 187 million dollarlik tovar va mahsulotlar eksport qilindi.
Loyihaning ahamiyatini hisobga olgan holda, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Ayritom savdo zonasida tadbirkorlar va tashrif buyuruvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Natijalar savdo faoliyatidagi tendensiyalar va kelgusida rivojlantirish uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi.
Ayritom savdo zonasida tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 70 foizidan ortig‘i Ayritom savdo markazi faoliyati boshlanganidan beri shu yerda savdo qilib kelayotganini taʼkidladi. Aylanmalar tahlili shuni ko‘rsatdiki, biznes subyektlarining 67 foizi uchun yillik savdo hajmi 1 milliard so‘mdan (taxminan 78 ming dollar) oshmaydi, deyarli uchdan bir qismida (29 foiz) esa yillik 3–5 milliard so‘m (235–390 ming dollar) oralig‘ida bo‘lgan.
Ayritom savdo zonasi 57 ming kvadrat metr maydonni egallaydi, u yerda uch qavatli savdo va xizmat ko‘rsatish binolari ishlamoqda. Ijara to‘lovi kvadrat metr uchun 2,6 dollardan 8,3 dollargacha, joylashuviga qarab (podval, birinchi qavat, ikkinchi qavat) farq qiladi. Respondentlarning qariyb yarmi (48 foiz) amalga oshirilayotgan ijara stavkalarini yuqori deb baholagan.
Savdo markazida xaridorlar oqimi o‘rtacha darajada. Do‘konlarning taxminan ikkidan beshdan biri (43 foiz) kuniga o‘rtacha 30 nafar mijozga xizmat ko‘rsatadi, deyarli chorak qismi (24 foiz) esa kuniga 100–150 nafar xaridor tashrif buyurishini qayd etgan. Tadbirkorlarning yarmidan ko‘prog‘i (52 foiz) asosiy mijozlar Afg‘oniston fuqarolari ekanini bildirgan.
Savdo faoliyatidan tashqari, savdo zonasi infratuzilmasi orqali qo‘shimcha bandlik imkoniyatlari ham yaratilgan. Restoranlar, savdo nuqtalari, ishlab chiqarish va logistika obyektlari, klinika, mehmonxona va xostellarda 1 mingdan ortiq mahalliy aholi hamda taxminan 140 nafar afg‘on fuqarosi ish bilan taʼminlangan.
Ayritom savdo zonasida xaridorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari
O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, xaridorlarning katta qismi (91 foiz) savdo markaziga, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish maqsadida tashrif buyurgan. Qariyb yarmi (48 foiz) bu yerdan kiyim-kechak sotib olishini, 38 foizi maishiy texnika, yana 14 foizi esa farmatsevtika mahsulotlari xarid qilishini bildirgan. Shu bilan birga, respondentlarning katta qismi (71 foizi) Ayritomdagi tovar va xizmatlar narxlari boshqa bozorlarga nisbatan biroz arzonroq ekanini taʼkidlagan.
Shuningdek, Ayritom savdo zonasiga tashriflar hali muntazam emas. Xaridorlarning qariyb uchdan bir qismi (29 foiz) bu yerga oyda faqat bir marta kelishi maʼlum bo‘ldi. Transport yo‘nalishlari tahliliga ko‘ra, xaridorlarning 38 foizi savdo zonasiga jamoat transportida yetib keladi, 43 foiz respondentlar esa savdo zonasi bilan muntazam yo‘nalishli qatnov mavjud emasligini qayd etgan.
Ayritom savdo hududini rivojlantirish yo‘nalishlari
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Ayritom savdo hududiga qiziqish yuqori bo‘lib, uning o‘sish salohiyati katta. Shu bilan birga, rivojlanish uchun bir qator muhim yo‘nalishlar belgilab berildi.
Afg‘oniston fuqarolari asosiy mijozlar qatlami sifatida chegara va bojxona nazoratidan o‘tish jarayonini yengillashtirish va tezlashtirishni muhim deb hisoblashmoqda. So‘rovda qatnashganlarning 71 foizi bu jarayon ko‘p vaqt talab qilayotganini qayd etgan.
Ayritomda xizmatlardan to‘liq foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga talab katta. Respondentlarning 95 foizi savdo obyektlari 24 soat ishlashini qo‘llab-quvvatlagan.
Mehmonxona xizmatlari ham qo‘shimcha moslashuvni talab qiladi. So‘rov ishtirokchilarining uchdan ikki qismiga yaqini (71 foizi) narx siyosati qayta ko‘rib chiqilishi zarurligini taʼkidlagan. Shuningdek, Afg‘onistondan kelayotgan mijozlarning katta qismi taʼlim (52%), maishiy xizmatlar (29%) va dorixona xizmatlarini (29%) kengaytirishga qiziqish bildirgan.
Umuman olganda, Ayritom markaziga talab yuqori bo‘lib qolmoqda. Infratuzilma va servislar rivojini davom ettirish uni transchegaraviy savdo va hamkorlikning muhim nuqtasi sifatida mustahkamlaydi.