Ayrim toifadagi talabalarning talabalar turar-joylaridagi yashash xarajatlari qoplab beriladi
Ayrim toifadagi talabalarning talabalar turar-joylaridagi yashash xarajatlari qoplab beriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori bilan “Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risida”nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, yashash xarajatlari davlat oliy taʼlim tashkilotlarining faqat kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalariga davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishidan qatʼi nazar, Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Talabaning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar-joylaridagi yashash xarajatini qoplab berish uning oilasi Ijtimoiy reyestrning “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan sanadan boshlab 12 oy davomida saqlanib qoladi.
Talabalar ustuvorlik asosida, navbatsiz davlat oliy taʼlim tashkilotining talabalar turar joyiga qabul qilinadi.
Ariza beruvchi mazkur masalada o‘zi taʼlim oladigan oliy taʼlim tashkilotining rektori (filial direktori) nomiga oyning 7-sanasiga qadar ariza bilan murojaat qiladi.
Ariza beruvchi mustaqil ravishda komissiyaga kontrakt.edu.uz orqali ariza yuborishi ham mumkin.
Ariza tegishli o‘quv yili uchun bir marotaba yuboriladi.
Fakultetlarning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari (masʼullar) 1 kun muddatda elektron tarzda yuborilgan arizalarni umumlashtirgan holda belgilangan tartibda komissiyaga taqdim etadi.
Masʼullar tomonidan taqdim etilgan arizalar 1 kun muddatda komissiya tomonidan o‘rganib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi.
Endilikda chet tili 1-fan bo‘lgan yo‘nalishlarga B1 daraja ham imtiyoz beradi
Qaror bilan ayrim Hukumat qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, fanlar majmuasida chet tili 1-fan sifatida belgilangan taʼlim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish bo‘yicha kamida B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikat asosida amalga oshiriladi.
Fanlar majmuasida chet tili fani mavjud bo‘lgan taʼlim yo‘nalishlariga qabulda:
B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ballning 75 foizi miqdorida ball beriladi;
B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ball beriladi.
Ilgari mazkur yo‘nalishlarga qabul kamida B2 darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshirilgan.