Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda
Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirishga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, aholini sifatli va xavfsizligi kafolatlangan dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan taʼminlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Yer kodeksi hamda “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Yer kodeksiga yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlarni to‘liq yoki qisman boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat berishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Shuningdek, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunga fermer xo‘jaligi rahbari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmaydigan ishga qabul qilinganda, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini o‘z oila aʼzolaridan biriga berishi mumkinligi belgilanmoqda.
Jinoyat kodeksi hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda tovarlar va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishiga yoki realizatsiya qilinishiga qonunga xilof ravishda aralashganlik yoxud to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar hamda jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga “Vatandosh” kartasi egalarining oila aʼzolari uchun amaldagi viza muddatini ko‘p martalik viza etib uzaytirganlik hamda “Vatandosh” kartasi egasi va uning oila aʼzolari turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganlik, shuningdek, turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganlik muddati uzaytirilganligi uchun davlat boji to‘lashdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga zamin yaratadi. Bundan tashqari, aholi salomatligini ishonchli himoya qilish, dori vositalarini realizatsiya qilish talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash maqsadlariga ham erishiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.