Avstriya delegatsiyasi tibbiyot va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Namangan viloyatiga tashrif buyurdi
Avstriya delegatsiyasi tibbiyot va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Namangan viloyatiga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Avstriya Respublikasi elchixonasining tijorat bo‘yicha maslahatchisi Rudolf Lukavskiy boshchiligidagi delegatsiya viloyatimizga keldi.
Mehmonlarni Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov qabul qildi.
O‘zaro muloqotda keyingi yillarda Namangan viloyati va Avstriya Respublikasi o‘rtasida o‘zaro do‘stona munosabatlar rivojlanib borayotgani, ayniqsa, tibbiyot sohasidagi hamkorlik natijalari eʼtirof etildi.
Taʼkidlash joiz, bu galgi delegatsiya tarkibida ham Avstriyaning yirik ishbilarmon doiralari - qishloq xo‘jaligi klasteri, AME International GmbH, Fundermax GmbH, SZ-Kontakt Trans GmbH kompaniyalari vakillari bor.
Muloqotda qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, transport logistikasi, eksport yo‘nalishlarida hamkorlikni yana-da kuchaytirish, mahalliy ishbilarmonlar bilan aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Tibbiyot sohasidagi hamkorlikni davom ettirish, hududdan Yevropa Davlatlariga meva eksportini yo‘lga qo‘yish, Namanganda chorvachilik yo‘nalishida o‘quv markazi tashkil etish, yosh dehqonlarni Avstriyada malakasini oshirish, sanoat, investitsiya masalalarida namanganlik tadbirkorlar bilan hamkorlik o‘rnatish yuzasidan kelishib olindi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga Namanganda o‘tkaziladigan xalqaro "Gullar festivali" haqidagi videorolik namoyish etilib, joriy yilda o‘tkaziladigan 65-yubiley tadbirlariga taklif etildilar. Avstriya Respublikasi vakillari 65-xalqaro "Gullar festivali"da ishtirok etish istagini bildirdilar.
Ayni vaqtda Avstriya delegatsiyasi viloyatimizdagi imkoniyatlar bilan joyiga chiqqan holda yaqindan tanishmoqda.