Avstraliya kompaniyasi O‘zbekiston oliygohining ilmiy salohiyatiga 2 mln dollardan ortiq sarmoya kiritmoqda
Avstraliya kompaniyasi O‘zbekiston oliygohining ilmiy salohiyatiga 2 mln dollardan ortiq sarmoya kiritmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Avstraliyaning "Micromine Australia Pty Ltd" kompaniyasi va NITU “MISIS”ning Olmaliq shahridagi filiali o‘rtasida kon-metallurgiya sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash va innovatsion yechimlarni ishlab chiqish sohasida hamkorlik to‘g‘risida yirik shartnoma imzolandi.
Erishilgan kelishuvga muvofiq, xorijiy investor o‘z mablag‘lari hisobidan MISIS filiali negizida umumiy qiymati 2,1 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan sunʼiy intellektga joriy etilgan va bugungi kunda eng ilg‘or o‘quv-taʼlim IT laboratoriya platformasini yaratdi.
Ushbu IT laboratoriya platformasi yer osti konlarini rejalashtirish uchun maxsus ishlab chiqilgan yechim bo‘lib, muhandislarga barcha tafsilotlarni hisobga olgan holda real va amalga oshirish mumkin bo‘lgan rejalarni yaratishga yordam beradi. “Micromine” kompaniyasining zamonaviy texnologiyalari va maxsus sunʼiy intellekt vositalaridan foydalangan holda, murakkab yer osti sharoitlarini yuqori aniqlikda modellashtirish orqali rejalashtirishda fundamental yondashuvni qo‘llash imkonini beradi.
Taqdim etilgan imkoniyatlar talabalarga zamonaviy kasbiy dasturiy taʼminot bilan ishlashga imkon beradi, konchilikning axborot texnologiyalarini o‘rganish bo‘yicha tayyorgarlik sifatini va bitiruvchilarning mehnat bozorida, shuningdek, umuman sanoatda raqobatbardoshligini oshiradi.
Xorijiy investor vakillari universitetning taʼlim va ilmiy infratuzilmasini rivojlantirishni sarmoyaviy qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, tog‘-kon sanoatida hamkorlikni mustahkamlash va raqamli imkoniyatlarni kengaytirishda davom etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Avstraliyaning “Micromine” kompaniyasi 1986 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda geologiya-qidiruvdan tortib konlarni rejalashtirishgacha bo‘lgan tog‘-kon sanoatining butun zanjiri uchun dasturiy taʼminotning dunyodagi eng yirik yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Kompaniya 90 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi, 50 dan ortiq konlar va 3000 dan ortiq turli loyihalari mavjud. Jumladan, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Afrika va Markaziy Osiyo mamlakatlarida, shuningdek, Rossiya, Avstraliya, Kanada, Buyuk Britaniya, AQSH va boshqa mamlakatlarda.
Eslatib o‘tamiz, “MISIS”ning Olmaliq filiali 2018 yilda O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari tashabbusi bilan tashkil etilgan. Filialni tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3153-sonli va 2018 yil 11 maydagi PQ-3714-sonli qarorlari bilan rasmiylashtirilgan.