AUIC transchegaraviy loyihalar portfelini shakllantirib, mintaqa salohiyatini investorlarga taqdim etmoqda
AUIC transchegaraviy loyihalar portfelini shakllantirib, mintaqa salohiyatini investorlarga taqdim etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ozarbayjon–O‘zbekiston Investitsiya Kompaniyasi (AUIC) “SuperReturn Japan-2025” investitsiya konferensiyasida ishtirok etib, o‘z investitsiya strategiyasini taqdim etdi hamda xalqaro investorlar bilan qator dastlabki kelishuvlarga erishdi.
Kompaniyaning investitsiya ustuvor yo‘nalishlari sharhida AUIC bosh direktori Nazim Gadjiev kompaniya qayta ishlash sanoati, transport va logistika, energetika, sog‘liqni saqlash, shuningdek fintex va IT sohalaridagi loyihalarga e’tibor qaratayotganini ta’kidladi. “Bizning maqsadimiz — 500 million AQSh dollari miqdoridagi kapitalni Ozarbayjon va O‘zbekiston iqtisodiyotlari uchun maksimal foyda bilan samarali investitsiya qilish”, — dedi u.
Konferensiya doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitimlar, investitsiyalarning ikkilamchi bozori, xususiy kreditlash, ESG, energetik o‘tish loyihalari hamda Osiyo bozorlarida risklarni boshqarish masalalari muhokama qilindi.
“SuperReturn Japan-2025” doirasida AUIC oilaviy kapital investitsiya tuzilmalari (family offices), biznes vakillari va moliyaviy-investitsiya guruhlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda qo‘shma investitsiyalar (koinvestitsiya), kapitalda ishtirok etish va transchegaraviy investitsiya imkoniyatlari muhokama qilindi. Kompaniya bunday hamkorlikni investitsiya portfelini kengaytirish hamda O‘zbekiston va Ozarbayjonda xalqaro hamkorlar ishtirokida loyihalarni amalga oshirish vositalaridan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Tashrif davomida AUIC delegatsiyasi “Kitahara” guruhi tarkibidagi tibbiyot muassasalari, jumladan “Kitahara Hospital” klinikalar va reabilitatsiya markazida bo‘ldi. Tomonlar sog‘liqni saqlash sohasida investitsiyaviy hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Tashrif yakunida AUIC va “Kitahara” o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi (MoU) imzolandi. Mazkur hujjat qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Ma’lumot o‘rnida, AUIC investitsiya portfeli 80 million AQSh dollaridan oshgan bo‘lib, kompaniya loyihalari O‘zbekiston va Ozarbayjonda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Tashabbuslar sanoat, logistika, agroqayta ishlash va energetika sohalarini qamrab olib, ikki davlat o‘rtasidagi qo‘shma iqtisodiy loyihalar rivojiga hissa qo‘shmoqda.
Kompaniya 2023 yilda 500 million AQSh dollari ustav kapitali bilan qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan.