ATTO 2025 yilda naqd pulsiz to‘lovlar keskin o‘sgani va ekotizim kengayganini qayd etdi
ATTO 2025 yilda naqd pulsiz to‘lovlar keskin o‘sgani va ekotizim kengayganini qayd etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil ATTO to‘lov tizimi uchun keng ko‘lamli o‘zgarishlar va sifat jihatidan o‘sish davri bo‘ldi.
Yil yakunlariga ko‘ra, tranzaksiyalarning umumiy soni 35,7 foizga oshib, 510 milliondan 692 million operatsiyaga yetdi. Bu transport va shahar xizmatlarida naqd pulsiz hisob-kitoblar jadal surʼatlarda kengayayotganini ko‘rsatadi.
Ayrim to‘lov toifalari bo‘yicha ayniqsa sezilarli o‘sish kuzatildi. ATTO transport kartalari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni 213 millionga yetdi, bu 2024 yilga nisbatan 52 foizga ko‘pdir.
Bank kartalari orqali to‘lovlar 165 foizga oshib, 387,4 million tranzaksiyani tashkil etdi. ATTO virtual kartalaridan foydalanish esa yana-da jadal o‘sib, 234 foizga ko‘paydi va 6,4 million tranzaksiyaga yetdi.
Tizim ayniqsa hududlarda jadal rivojlandi, bu yerda tranzaksiyalar soni o‘rtacha 483 foizga oshdi. Shu bilan birga, ATTO funksionali transport to‘lovlari doirasidan ancha kengaydi.
Tizim attraksion bog‘lari va ko‘ngilochar hududlarda xizmatlar haqini to‘lash, elektrosamokatlar ijarasi, kinoteatrlarga chiptalar xarid qilish, avtomoykalar, avtoturargohlar va boshqa shahar xizmatlari uchun to‘lovlarda faol qo‘llanilmoqda.
Shu tariqa, ATTO naqd pulsiz to‘lov kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanadigan to‘liq ekotizimni shakllantirmoqda. Bu nafaqat jamoat transportida, balki shahar xizmatlari sohasida va mamlakat hududlarida ham namoyon bo‘lmoqda.
Yo‘lovchilar uchun ham sezilarli samaraga erishildi. ATTO‘ning jismoniy va virtual transport kartalaridan o‘tish tariflari asosida foydalanish orqali foydalanuvchilarning tejami sezilarli darajada oshdi.
2025 yilda jamoat transportida ATTO transport va virtual kartalari orqali 162,4 million safar amalga oshirildi. Ularning 124,6 millioni avtobus yo‘nalishlariga, 37,7 millioni esa metropoliten hissasiga to‘g‘ri keldi.
Yil yakuniga ko‘ra, o‘tish tariflari hisobiga yo‘lovchilarning umumiy tejami 36,9 milliard so‘mni tashkil etdi.
2025 yil natijalari ATTO shaharlarning raqamli infratuzilmasidagi asosiy elementlardan biriga aylanayotganini, naqd pulsiz to‘lovlar o‘sishiga va foydalanuvchilar uchun qulaylik oshishiga xizmat qilayotganini tasdiqlaydi.