ASR va NISI Qirg‘iziston strategik islohotlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Strategik islohotlar agentligida Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti direktorining o‘rinbosari Shumkarbek Adilbek uulu bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov Agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi. Jumladan, strategik islohotlarni amalga oshirish va kompleks tahlil hamda ichki salohiyatdan samarali foydalanish asosida hududlarni rivojlantirish, islohotlarni amalga oshirish jarayonida xorijiy ekspertlar va maslahatchilarni jalb etish, “O‘zbekiston Mamlakat platformasi” doirasidagi ishlar, “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumini tashkil etish, ijtimoiy obyektlarning geoportalini yaratish va boshqa tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Agentlik direktori xorijiy tomonni “Delivery Unit” va “IQAC” loyiha ofislari faoliyati bilan tanishtirdi.
O‘z navbatida, Shumkarbek Adilbek uulu Strategik tashabbuslar milliy instituti faoliyati haqida ma’lumot taqdim etdi va Qirg‘izistonda amalga oshirilgan bir qator loyihalar bilan o‘rtoqlashdi. Ular orasida davlat organlari tuzilmasini optimallashtirish, davlat organlarining raqamlashtirish indeksini joriy etish, vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalarini saqlab qolish zaruriyatini har yili “hududiy gilyotina” tamoyili asosida baholash, shuningdek ayrim davlat xizmatlarini autsorsing asosida ko‘rsatishga o‘tkazish masalalari mavjud.
Alohida e’tibor boshqaruvni raqamlashtirish va byurokratiyadan xalos etish tajribasi almashinuvi, hukumatning rivojlanish bo‘yicha xalqaro moliyaviy hamkorlar bilan o‘zaro aloqalarini yo‘lga qo‘yishda “Mamlakat platformasi” modelini qo‘llash masalalariga qaratildi.
Tomonlar muhokama qilingan tashabbuslarning ahamiyatini ta’kidlab, yaqin kelajakda Strategik islohotlar agentligi va Qirg‘iz Respublikasi Strategik tashabbuslar milliy instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumlarini tayyorlashga kelishib oldilar. Uchrashuv yakunida, shuningdek, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan hamkorlikni ko‘zda tutuvchi “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.