Arxiv ishi sohasi raqamlashtiriladi
Arxiv ishi sohasi raqamlashtiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, arxiv sohasini 2030 yilgacha raqamlashtirish va sohada samarali boshqaruv tizimini yaratishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
Milliy arxiv fondi hujjatlari raqamlashtirilishini 60 foizga yetkazish;
elektron xizmat ko‘rsatish ulushini 100 foizga yetkazish hamda xizmat ko‘rsatish muddatini kamida 3 baravarga qisqartirish;
2026 yil 1 iyundan arxiv xizmatlarini raqamlashtirishda qo‘llaniladigan amaldagi arxiv axborot tizimlari negizida Yagona milliy arxiv axborot tizimi joriy etiladi.
Arxiv hujjatlarini raqamlashtirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
1-bosqichda (2025–2027 yillar) – alohida qimmatli va noyob hujjatlar, mol-mulk va yerga oid arxiv hujjatlari;
2-bosqichda (2028–2029 yillar) – kino, foto, fono va ilmiy-texnik arxiv hujjatlari;
3-bosqichda (2030 yildan) – Milliy arxiv fondining boshqa arxiv hujjatlari.
“O‘zarxiv” agentligining davlat arxivlarida saqlanayotgan alohida qimmatli va noyob hujjatlar harakatini avtomatlashtirish ishlariga RFID (radiochastotali identifikatsiya) texnologiyasi joriy etiladi.
2026 yil 1 iyundan ushbu texnologiya O‘zbekiston milliy arxivlarida saqlanayotgan hujjatlar bilan ishlashda majburiy qo‘llaniladi.
2026 yil 1 avgustdan quyidagi davlat arxivlari funksiyalari to‘liq raqamlashtirilgan holda amalga oshiriladi:
Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
yig‘majildlar ro‘yxatini tuzish va rasmiylashtirish, ularga oid ilmiy-maʼlumotnoma apparatini tuzish, kelishish, tasdiqlash;
davlat arxivlari tomonidan arxiv hujjatlarini qabul qilish, foydalanishga berish;
korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qayta tashkil etilayotganda ularning arxiv hujjatlarini huquqiy vorislarida saqlash masalasini davlat arxivlari bilan kelishish;
davlat arxivlariga arxiv hujjatlari topshirilishi lozim bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlarining yagona ro‘yxatini shakllantirish.