Ar-Riyodda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling va O‘zbekistonga sarmoya kiriting” biznes-nonushtasi tashkil etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ar-Riyod shahrida (Saudiya Arabistoni) Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 26-sessiyasi doirasida mamlakat turizm infratuzilmasiga investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro brendlar ishtirokini kengaytirishga bag‘ishlangan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling va O‘zbekistonga sarmoya kiriting” biznes-nonushtasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 40 dan ortiq xalqaro turizm biznesi vakillari, investorlar va boshqaruv kompaniyalari ishtirok etdi. Ishtirokchilarga O‘zbekistonning investitsiya salohiyati, jumladan, mehmonxona fondi, transport va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi, madaniy-ko‘ngilochar klasterlar sohasidagi loyihalarning kengaytirilgan taqdimoti namoyish etildi.
Xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi islohotlar, boshqaruvning ilg‘or standartlarini joriy etish, mamlakatimiz hududlarida yirik sayyohlik loyihalarini birgalikda amalga oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Biznes-nonushta yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, takliflar almashish va turizm sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilish uchun samarali platformaga aylandi.