Valyuta kurslari 08/01/2026
$1 – 12033.28
UZS – 0,54%
€1 – 14060.89
UZS – 0,29%
₽1 – 149.30
UZS – 1,06%
Qidirish
AQSH yana 25 davlat fuqarolari uchun $15 minggacha vizaviy garov joriy etdi

AQSH yana 25 davlat fuqarolari uchun $15 minggacha vizaviy garov joriy etdi

AQSH yana 25 davlat fuqarolari uchun $15 minggacha vizaviy garov joriy etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH Davlat departamenti yana 25 davlat fuqarolari uchun kirish vizalarini rasmiylashtirishda pulli garov to‘lash talabini joriy etdi. Bu haqda AQSH tashqi siyosat idorasining rasmiy saytida xabar berildi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, ro‘yxatga kiritilgan davlatlar fuqarolari viza olish uchun hujjat topshirish chog‘ida 5 ming AQSH dollaridan 15 ming AQSH dollarigacha miqdorda garov puli kiritishlari shart bo‘ladi. Aniq summa AQSH elchixonasi yoki konsulligida o‘tkaziladigan vizaviy suhbat davomida har bir ariza beruvchi bo‘yicha alohida belgilanadi.

21 yanvardan boshlab mazkur talab Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo‘llaniladi. Turkmaniston uchun esa bunday chora 1 yanvardan kuchga kirgan. Shu tariqa, ushbu mexanizm amal qiladigan davlatlar soni 38 taga yetdi. Ro‘yxatga asosan Afrika, Janubiy Osiyo va Okeaniya davlatlari, shuningdek Antigua va Barbuda, Dominika, Kuba hamda Venesuela kiritilgan.

Davlat departamentida tushuntirilishicha, garov joriy etilishi ushbu mamlakatlar fuqarolari tomonidan B-1 va B-2 toifasidagi turistik va ishbilarmonlik vizalari bo‘yicha AQSHda qolish muddatlarining tez-tez buzilishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, garov puli to‘lanishi viza berilishini kafolatlamasligi alohida taʼkidlangan.

Garov puli faqatgina AQSH Moliya vazirligining rasmiy Pay.gov to‘lov tizimi orqali, konsul xodimi taqdim etgan havola bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin. Garov to‘lab viza olgan shaxslar AQSHga faqat uchta aeroport orqali kirishlari va chiqishlari shart: Bostondagi Logan aeroporti, Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi nomidagi aeroport yoki Vashingtondagi Dalles nomidagi aeroport.

Ariza beruvchi vizaning amal qilish muddati tugashidan oldin AQSHdan chiqib ketgan taqdirda, garov puli avtomatik tarzda qaytariladi. Shuningdek, aeroportda chegara nazoratidan o‘tish chog‘ida mamlakatga kirish rad etilsa ham, garov mablag‘i qaytarilishi nazarda tutilgan.

Garov mexanizmi 2025 yil avgust oyida sinov tartibida joriy etilgan bo‘lib, dastlab Malavi va Zambiya fuqarolariga nisbatan qo‘llanilgan. Davlat departamenti maʼlum qilishicha, bu chora migratsiya qoidalari buzilishi yuqori bo‘lgan va xavfsizlik choralari yetarli darajada taʼminlanmagan davlatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Avvalroq, 2025 yil iyun oyida AQSH prezidenti Donald Tramp «yuqori xavf darajasiga ega» deb topilgan 19 davlat fuqarolari uchun mamlakatga kirish bo‘yicha cheklovlar joriy etgan edi. Ulardan 12 tasi uchun to‘liq taqiq, yettitasi uchun esa qisman cheklov belgilangan. Dekabr oyida Oq uy maʼmuriyati ushbu ro‘yxatni 39 davlatgacha kengaytirdi, ularning 19 tasi to‘liq taqiq ostiga tushdi. Shu bilan birga, AQSH Turkmaniston fuqarolari uchun mehmon va talabalik vizalarini berishni qayta tikladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling