AQSH o‘zbekistonlik Pilfaksga nisbatan sanksiyani bekor qildi
AQSH o‘zbekistonlik Pilfaksga nisbatan sanksiyani bekor qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) O‘zbekiston fuqarosi Gilad Pilfaksni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi. Bu haqda tegishli bayonot idoraning rasmiy saytida eʼlon qilingan.
Gilad Pilfaks va uning otasi Maks Pilfaksga nisbatan sanksiyalar 2023 yil fevral oyi boshida joriy etilgan edi.
O‘shanda AQSH hukumati cheklov choralarini chetlab o‘tib, Rossiyaga yuqori texnologiyali komponentlar yetkazib berishda gumon qilingan 22 ta jismoniy va yuridik shaxsni “qora ro‘yxat”ga kiritgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Gilad Pilfaks 1992 yil 23 sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uning profilida ikki fuqarolik — O‘zbekiston va Isroil — qayd etilgan. Uning otasi Maks Borisovich Pilfaks esa 1962 yil 14 iyunda tug‘ilgan bo‘lib, maʼlumotlarida O‘zbekiston fuqaroligi ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda yashovchi va Mateas Limited kompaniyasi direktori hisoblangan Maks Pilfaks hamda uning o‘g‘li Gilad Zimenkov tarmog‘i deb ataluvchi tuzilma bilan bog‘liq bo‘lgan va DES Defense Engineering Solutions LTD kompaniyasining hamkorlari sifatida faoliyat yuritgan.
AQSH Moliya vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, Igor Zimenkov sanksiyalarni chetlab o‘tish va Rossiyaning harbiy-sanoat majmuasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tarmoqni tashkil etgan.
Aytilishicha, ushbu tuzilma ishtirokchilari 2022 yil 24 fevralda Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan keyin Rossiyaga yuqori texnologiyali uskunalar yetkazib berish kabi loyihalarda ishtirok etgan.
Shuningdek, tarmoqning ayrim aʼzolari “Rosoboroneksport” va “Rostex” kabi Rossiya tashkilotlariga ham ko‘maklashgani taʼkidlangan.