Valyuta kurslari 18/06/2025
$1 – 12668.14
UZS – -0,37%
€1 – 14640.57
UZS – -0,61%
₽1 – 161.15
UZS – -0,37%
Qidirish
Dunyo 16/06/2025 AQSH maʼmuriyati Markaziy Osiyo va Afrika mamlakatlari fuqarolari uchun kirish cheklovlarini joriy etmoqchi

AQSH maʼmuriyati Markaziy Osiyo va Afrika mamlakatlari fuqarolari uchun kirish cheklovlarini joriy etmoqchi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH maʼmuriyati 36 ta mamlakat, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun mamlakatga kirishda yangi cheklovlar joriy etishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi The Washington Post nashri Davlat departamenti hujjatlariga tayangan holda.

Ro‘yxatga 25 ta Afrika davlati — misol uchun Misr, Jibuti, Angola, Kamerun, Nigeriya va shuningdek, Osiyo va Okeaniyadan Kambodja, Suriya, Butan, Tuvalu va Tonga kabi mamlakatlar kiritilgan. Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qirg‘iziston qayd etilgan.

Maʼlumotlarga ko‘ra, mazkur tashabbus Donald Tramp maʼmuriyati davridagi muhojirat siyosatiga qaytish yo‘lidagi navbatdagi qadam hisoblanadi. Davlat kotibi Marko Rubio imzolagan hujjatda qayd etilishicha, ro‘yxatdagi davlatlar bir qator talablarga javob bermaydi. Ushbu davlatlar 60 kun ichida kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rishi shart, aks holda cheklovlar kuchga kiradi.

Asosiy eʼtirozlar sifatida ushbu mamlakatlarda ishonchli hujjatlar berish bo‘yicha rasmiy vakolatli organlar mavjud emasligi, shuningdek, qalloblik va suiisteʼmol holatlari darajasining yuqoriligi ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, hujjatda taʼkidlanishicha, bu davlatlar fuqarolari ko‘p hollarda AQSH hududida qolish muddatlarini buzishadi.

Ayni paytda Davlat departamenti va Oq uy ushbu maʼlumot yuzasidan rasmiy izoh berishdan bosh tortgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling